Jahon | 07:44 / 17.05.2024
2394
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaga KXDRdan qurol yetkazib berilgani uchun sanksiyalar kiritdi

Ikki rossiyalik va ular bilan aloqador uchta kompaniya Rossiya Federatsiyasiga KXDRdan qurol-yarog‘ yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, deb xabar bermoqda AQSh Moliya vazirligi. Pxenyan Moskva bilan harbiy hamkorlikni rad etadi.

Foto: Reuters

AQSh Moliya vazirligi KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishda ishtirok etgan ikki nafar Rossiya fuqarosi va uch rus kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Departamentning 16 may, payshanba kuni xabar berishicha, Rafael Gazaryan va unga aloqador kompaniyalar - «Trans kapital», «Rafort», shuningdek, Aleksey Budnev va uning «Texnologiya» kompaniyasi Vashington jazo choralariga tortildi.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gazaryan Rossiya rasmiylari va Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtichev o‘rtasida vositachi bo‘lib, Pxenyan bilan Moskva uchun qurol sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Gazaryan operatsiyalarni amalga oshirish uchun «Trans kapital» MChJdan foydalangan. Mkrtichev 2023 yil mart oyida AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Budnev esa Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan harbiy aloqa vositalarini Rossiyaga yetkazib berishga yordam berdi, deya ta’kidlaydi Moliya vazirligi. 

AQSh Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi harbiy aloqalar kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatida

Vashington qarorlari «Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan chuqurlashib borayotgan harbiy hamkorligiga to‘sqinlik qilish istagini aks ettiradi», dedi moliya vaziri o‘rinbosari, terrorizmga qarshi kurash va moliyaviy razvedka uchun mas’ul Brayan Nelson. «Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush olib borishi uchun qurol va boshqa materiallar yetkazishga yordam berishga uringanlarni javobgarlikka tortish maqsadida choralar ko‘rishda davom etadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Sanksiyalar Qo‘shma Shtatlardagi mulk va aktivlarni bloklashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, AQShdagi jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslar bilan biznes yuritish taqiqlanadi.

Kimning singlisi Rossiya bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni rad etyapti

Ayni paytda, Pxenyan Moskva bilan qurol savdosini rad etadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi qurol-yarog‘ bitimlari versiyasi «noxush qarashlar va uydirmalarga to‘la» va «eng bema’ni farazdir», deya Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon so‘zlaridan iqtibos keltirgan KXDR markaziy axborot agentligi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday versiyani «dushman kuchlar» tarqatmoqda. 

Mavzuga oid