11:31 / 17.05.2024
4207

Bahraynda o‘tgan arab sammitida Falastin masalasi muhokama qilindi

Payshanba kuni Bahrayn poytaxti Manama shahrida 11 ta arab davlatlari yetakchilari ishtirokida Arab davlatlari ligasining 33- sammiti o‘tkazildi.

Bahrayn qiroli Hamad ibn Iso Ol Xalifa. Foto: Reuters

Arab davlatlari yetakchilarining muhokamasidagi asosiy mavzu Falastinning G‘azo sektoridagi vaziyat va umuman Falastin muammosi bo‘ldi.

Bahrayn qiroli Hamad ibn Iso Ol xalifa Manamada o‘tgan Arab davlatlari ligasi sammiti ochilish marosimida Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi.

«Bahrayn Qirolligi mintaqani barqarorlashtirish va rivojlantirish borasidagi asosiy masalalarini hal qilishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Ulardan eng asosiysi Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifidir. Bu Falastin davlatini to‘laqonli tan olishni va uning Birlashgan Millatlar tashkiloti a’zoligiga bo‘lgan intilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlash bo‘lar edi», — degan qirol.

Bahrayn qiroli o‘z mamlakati Falastinni to‘laqonli tan olish va uni Birlashgan Millatlar tashkilotiga qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash masalasiga sodiq ekanini tasdiqladi. U shuningdek, Falastin davlatining tuzilishi mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi, deb yozadi Arab news.

O‘tgan haftada BMT Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan Falastinning BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lish masalasini qo‘llab-quvvatlagan hamda BMT Xavfsizlik Kengashiga ushbu iltimosnomani qanoatlantirishga chaqirgan edi.

193 a’zo davlatdan iborat Bosh Assabmleyaning Falastin taklifini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global ovoz berish jarayoni bo‘ldi va BMT Xavfsizlik Kengashi buni ma’qullasa Falastin davlatini tan olish sari katta qadam bo‘lardi. Biroq, o‘tgan oyda xuddi shu masalaga AQSh veto qo‘ygan.

O‘zining sammitdagi chiqishida Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Ol Saud xalqaro tan olingan Falastin davlatini tuzishga chaqirdi. O‘z nutqida shahzoda G‘azo sektoridagi humanitar inqirozni yumshatish yuzasida Saudiya Arabistoni qirolligi amalga oshirayotgan ishlarni qayd etib, Saudiya Arabistoni arab dunyosi muammolarini hal qilish masalalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

U xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektorida o‘t ochishni bas qilish, Falastindagi tinch aholiga nisbatan tajovuzni to‘xtatishga bo‘lgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bu 2023 yilning noyabrida Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitdan so‘ng arab yetakchilarining birgalikdagi birinchi yig‘ilishidir. O‘shanda Isroilning G‘azo sektoriga bostirib kirishini blok «varvarlik harakatlari», deya qoralagan edi.

12 may kuni Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasining ijtimoiy-iqtisodiy kengashi yig‘ilishida G‘azo sektorining Isroil harbiy harakatlari tufayli vayron qilingan xo‘jalik infratuzilmasini tiklash uchun falastinliklarga favqulodda yordam taqdim etish rejasi muhokama qilingan edi. Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abu al-G‘ays bu reja Manamada tasdiqlanishini va’da qilgan edi.

 

Mavzuga oid
Top