09:28 / 17.05.2024
2637

Politico: Rossiya YeIga Turkiya orqali neft yetkazib beryapti

Sanksiyalarga qaramay, Rossiya nefti Yevropa Ittifoqiga yetkazib berilishda davom etmoqda, deb ma’lum qildi Politico. Turkiya portlarida unga turk markirovkasi beriladi va Yevropa mamlakatlariga tashiladi, deb yozadi nashr.

Foto: Reuters

2023 yil boshida Rossiya Federatsiyasiga qarshi kiritilgan neft embargosiga qaramay, Rossiya nefti Yevropa Ittifoqiga yetkazib berilishda davom etmoqda, ammo Turkiya belgisi ostida. Bu haqda Amerikaning Politico nashri 15 may, chorshanba kuni o‘z ma’lumotlari, shuningdek, Energiya va toza havo bo‘yicha tadqiqot markazi (CREA) hamda Demokratiyani o‘rganish markazi (CSD) tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijalariga tayanib yozdi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli kiritilgan sanksiya rejimidagi bo‘shliqlardan foydalanib, Moskva o‘tgan yilning fevral oyida eksport taqiqlanganidan keyin 12 oy ichida Yevropa Ittifoqiga neftni Turkiyaning uchta porti – Jayhan, Marmara-Ereglisi va Mersin orqali yetkazib berish orqali 3 milliard yevrogacha mablag‘ oldi. Nashrning ta’kidlashicha, bu sxema Yevropa Ittifoqi hali ham «aralash» yonilg‘i importiga ruxsat berayotgani tufayli ishlayapti, bunda neft Rossiyaga tegishli emas deb belgilangan bo‘lishi kerak.

Turkiyaning Rossiyadan neft importi va YeIga eksporti yil davomida keskin ortdi

Surishtiruv shuni ko‘rsatadiki, 2023 yilning fevral oyidan boshlab Turkiya Rossiyadan yonilg‘i xaridini avvalgi 12 oyga nisbatan 105 foizga oshirgan. Xuddi shu davrda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga yonilg‘i eksporti 107 foizga oshdi, deb yozadi Politico.

Bu Turkiyadan Yevropa Ittifoqiga kelayotgan barcha yonilg‘i ruslarniki ekanligini anglatmaydi, deydi material mualliflari va Turkiyada ham neftni qayta ishlash yirik zavodlari mavjudligiga urg‘u beradi. «Ammo Turkiyaning bir qancha portlari geografik joylashuvi eksport-import ma’lumotlari bilan birgalikda Rossiya yonilg‘isi katta hajmda o‘tkazilayotganidan dalolat beradi», deb hisoblaydi Politico jurnalistlari. 

«Turkiya Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga yo‘naltirilgan yonilg‘i mahsulotlari uchun strategik to‘xtash joyiga aylandi va Kreml harbiy budjetiga yuzlab millionlab soliq tushumlarini keltirdi», dedi CSD energetika bo‘yicha katta tahlilchisi Martin Vladimirov nashrga. 

Avvalroq e’lon qilingan surishtiruvlar ham Yevropa Ittifoqi Hindiston va Xitoydan Rossiya xom neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini import qilayotganini ko‘rsatgandi.

Mavzuga oid
Top