10:16 / 18.05.2024
2954

G‘azoda gumanitar yordam yetkazish uchun AQSh bandargohi ochildi

G‘azo sektorida tinch aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun AQSh harbiylari tomonidan qurilgan bandargoh ishga tushirildi.

Foto: AP

G‘azo sektori qirg‘og‘ida tinch aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun AQSh harbiylari tomonidan maxsus qurilgan dengiz bandargohi ochildi. 17 mart, juma kuni u yerga gumanitar yordamning birinchi partiyasi yetib keldi, yuk mashinalariga ortildi va sektorga jo‘natildi

AQSh harbiy prognozlariga ko‘ra, kelajakda yetkaziladigan yordam hajmi kuniga 150 ta yuk mashinasigacha oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, Amerika hukumati va gumanitar tashkilotlar bu bandargoh G‘azo sektoriga quruqlikdan insonparvarlik yordami yetkazib berish o‘rnini bosa olmasligiga ishonchi komil. 

HAMAS G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkaziladigan nazorat punktini o‘qqa tutdi 

May oyi boshida HAMAS tashkiloti Isroil va G‘azo sektori chegarasidagi «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punktini o‘qqa tutgani ma’lum bo‘ldi, u orqali mintaqa aholisi uchun gumanitar yordam qabul qilingan. Hujum oqibatida to‘rt nafar isroillik askar halok bo‘ldi. 

Rafahdagi og‘ir gumanitar vaziyat

15 may, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroilni G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi operatsiyani «zudlik bilan» to‘xtatishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda «halokatli gumanitar vaziyat» vujudga kelgan, Isroil harbiylari uni yanada kuchaytirishi kerak emas. 16 may, payshanba kuni Germaniyaning Süddeutsche Zeitung nashri Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Katsga yo‘llangan maktub bilan tanishib chiqqani to‘g‘risida xabar berdi. Unda 13 davlat tashqi ishlar vazirlari mamlakatni Rafahdagi keng ko‘lamli hujumdan tiyilishga chaqirgan. Nashrning yozishicha, murojaatni AQShdan tashqari G7 davlatlarining barcha tashqi ishlar vazirlari imzolagan. 

Misr va G‘azo sektori chegarasida joylashgan Rafahga hududning boshqa qismlaridagi jangovar harakatlardan qochgan bir milliondan ortiq aholi kelgan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 35,2 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid
Top