O‘zbekiston | 12:24 / 22.05.2024
18130
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva sog‘liqni saqlash sohasida kutilayotgan o‘zgarishlarni ma’lum qildi

2024 yilda Toshkentda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat tomonidan aholini dori-darmon bilan ta’minlashda elektron retseptlardan foydalanish dasturi yaratiladi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva davlat rahbari huzuridagi yig‘ilishdan keyin ma’lum qildi.

“Sog‘liqni saqlash tizimiga oid masalalar anchadan beri muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi va kecha prezidentimiz tomonidan bir necha muhim qarorlar qabul qilindi.

2024 yilda Toshkentda davlat tibbiy sug‘urtalash mexanizmi ishga tushadi. Bu har bir fuqaroga turli holatlarda tibbiy yordam olish imkonini beradi.

Davlat tomonidan elektron retseptlar orqali aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlash dasturi yaratiladi. Fuqarolarga budjyet hisobidan bepul dorilar beriladi. Bu xarajatlarni optimallashtirib, tibbiy xodimlarning ishini yengillatish imkonini beradi. Natijada mablag‘larni sarflash samaradorligi oshadi.

Shuningdek, murojaatlarni kasallikning og‘irlik darajasiga qarab saralovchi tez tibbiy yordam tizimini joriy etish orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va tezkorligi takomillashtiriladi.

Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu har bir inson birinchi navbatda o‘z salomatligi haqida qayg‘uradigan jamiyat tomon qo‘yiladigan muhim qadamdir”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.

Mavzuga oid