13:57 / 24.05.2024
7116

“Ijtimoiy soha obektlari xususiylashtirilishiga moratoriy e’lon qilinishi kerak” - Qobil Xidirov 

Jurnalist Qobil Xidirov Qashqadaryoda ishlab turgan bog‘chalar sotilishi haqidagi xabarlardan keyin ta’lim va tibbiyot muassasalarini sotuvga qo‘yishga moratoriy joriy qilishga chaqirdi.

Foto: Kun.uz

“Ta’lim dargohlari, tibbiyot muassasalari sotilmasligi va uning o‘rnida beton uylar yoki savdo markazlari qurilmasligi kerak.

Agar bunday obektlarni xususiylashtirishga ehtiyoj bo‘lgan taqdirda, bu borada qonunchilik hujjatlarida aniq normalar, prinsiplar ishlab chiqilmaguncha bunga ruxsat berilmasligi kerak.

Normalar shunday bo‘lishi kerakki, xususiylashtirilgan yerlarda, obektlarda ta’lim yoki tibbiyot muassasalaridan boshqa hech qanday faoliyat turiga ruxsat berilmasligi kerak. Shifoxona o‘rnida shifoxona, bog‘cha o‘rnida bog‘cha bo‘lishi kerak”, – deb yozdi Qobil Xidirov o‘z blogida.

Avvalroq, iqtisodchi Otabek Bakirov ijtimoiy soha obektlarini xususiylashtirmaslikni nazarda tutuvchi qonun ishlab chiqishga chaqirgandi. Uning ta’kidlashicha, maktablar, shifoxonalar, universitetlar makoni xususiylashtirishdan daxlsiz bo‘lishi va ularning hududini sotish qonun bilan taqiqlanishi zarur.

Kun.uz avvalroq Qashqadaryo viloyatidagi to‘rtta “Erkatoy” bog‘chalari ishlab turgan bo‘lsa-da, xususiylashtirish dasturida “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotuvga qo‘yilganiga e’tibor qaratgandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bunga javoban muassasalarning “uzluksiz ishlashi borasida aniq choralar belgilanmaguncha” ular sotilmasligini ma’lum qildi.

Top