17:58 / 25.05.2024
11997

«Barselona» va «Bavariya»ning yangi murabbiylari ma’lum bo‘ldi

Kataloniyaning «Barselona» klubi yangi bosh murabbiy masalasida bir qarorga keldi. Xavini iste’foga chiqargan klub germaniyalik Hans-Ditir Flikni yangi bosh murabbiy etib tayinlaydigan bo‘ldi.

Foto: Tribuna.uz

Qator insayderlar, xususan, Fabrisio Romano germaniyalik mutaxassis «Barsa» yangi bosh murabbiyiga aylanishi haqida yozishdi. Avvalroq murabbiy «Barselona»ga kelish uchun sobiq jamoasi «Bavariya» taklifini rad etgandi.

Ma’lumot uchun, «Barselona» YeChL musobaqalari tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatini aynan Flik boshqaruvidagi «Bavariya»dan qabul qilib olgan. Musobaqaning 2020 yilgi mavsumida Flikning «Bavariya»si Kiki Seten murabbiyligidagi kataloniyaliklarni 8:2 hisobida mag‘lub etgandi.

«Bavariya» bilan 2020 yil UYeFA Chempionlar Ligasini yutgan Flik keyingi mavsumda Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylandi.

Flik bundestimni Qatardagi mundialga va Germaniyada o‘tadigan Yevro-2024 musobaqalariga olib borishi kutilgandi. Ammo nemislar 2022 yilgi jahon chempionatida guruhda qolib ketishdi. Shunga qaramay, Flik jamoada qoldi, biroq 6 ta o‘rtoqlik o‘yinidan keyin murabbiy baribir iste’foga chiqarildi.

Flik bilan kelisha olmagach, yaqinda Tomas Tuxelni iste’foga chiqargan «Bavariya» ham yangi bosh murabbiy borasida bir qarorga keldi. Myunxen klubi «Byornli» bilan o‘tgan yil APLga chiqib, bu yil chempionshipga qaytib ketgan Vensan Kompanini bosh murabbiy etib tayinlashi kutilmoqda. Ingliz klubi Kompani uchun «Bavariya»dan 12 million yevro kompensatsiya puli ham oladi.

38 yoshli Kompani uzoq yil «Manchester Siti»da to‘p tepib, klub afsonalaridan biriga aylangandi. Klubdagi faoliyatini o‘zi yetishib chiqqan «Anderlext»da yakunlagan Kompani 2019 yil aynan shu klubda murabbiylik faoliyatini boshlaydi. Angliyaga «Byornli» bosh murabbiyi sifatida qaygan belgiyalik 2023 yil chempionship g‘olibiga aylangandi.

Mavzuga oid
Top