19:16 / 29.05.2024
7137

Shvetsiya Ukrainaga 1,3 milliard dollarlik harbiy paket doirasida samolyotlarni topshirdi 

Erieye radarlariga ega samolyotlarning samarali kuzatuv maydoni 500 ming kvadrat kilometrdan ko‘proq maydonni egallashi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Swedish Ministry of Defense

Shvetsiya Ukrainaga 1,3 milliard dollarlik eng yirik harbiy yordam paketining bir qismi sifatida samolyotlar va zirhli transport vositalarini hadya qildi. 

Bu haqda Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yunson ma’lum qildi, deb xabar berdi Sydsvenskan. 

Ta’minot tarkibiga o‘quv va texnik jihozlarga ega ikkita Saab ASC 890 radiolokatsiya razvedkasi va nazorati samolyoti kirgan. 

Qayd qilinishicha, Erieye radarlariga ega samolyotning samarali kuzatuv maydoni 500 ming kvadrat kilometrdan ko‘proq maydonni egallaydi va qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar va qanotli raketalarni aniqlash va kuzatishga yordam beradi. 

Yunsonning ta’kidlashicha, bu «havo va dengizdagi nishonlarga qarshi mutlaqo yangi radiolokatsiya razvedkasi va nazoratini» ta’minlaydi. 

Ushbu harbiy yordam paketi Shvetsiya uchun o‘n oltinchisi bo‘lib, undan Rb 99 raketalari, Pansarbandvagn 302 zirhli transportlari, artilleriya o‘q-dorilari, avvalroq berilgan texnikalarga xizmat ko‘rsatish uchun materiallar joy olgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top