G‘azodagi yana bir qochqinlar lageriga hujum, husiychilar urib tushirgan dron va Ukrainaga berilgan ruxsat - kun dayjesti
Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishing.
G‘azodagi urush
Isroil G‘azodagi urush yana 7 oy davom etishini taxmin qilmoqda. G‘azodagi harbiy amaliyotlardan maqsad HAMAS boshqaruviga barham berish hamda uning va ittifoqchilarining Isroilga hujumini to‘xtatish ekanligi ta’kidlanmoqda.
Isroil 29 may kuni Rafahga tanklarini yubordi va G‘azoda HAMASga qarshi, deya iddao qilinayotgan urush yil oxiriga qadar davom etishi kutilayotganini e’lon qildi.
Reuters’ga ko‘ra, ko‘plab g‘azoliklar Isroil zulmidan qochib, boshpana topgan G‘azo janubidagi Rafah shahriga hujumlarni to‘xtatish haqidagi Xalqaro sud qaroriga qaramay, Isroil seshanba kuni Rafahga o‘z tanklarini olib kirgan.
Rafah aholisining ta’kidlashicha, Isroil tanklari g‘arbdagi Tel-al-Sulton, markazdagi Yibna va Shaburagacha bostirib kirgan, so‘ngra Misr bilan chegaradagi bufer zonaga chekingan.
Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylari Isroilning G‘azo bo‘ylab havo hujumlari va o‘qqa tutilishi oqibatida 19 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroil HAMAS jangarilarini tinch aholi orasida yashirinishda ayblaydi, jangarilar esa buni rad etib keladi.
Ta’kidlanishicha, Isroil harbiylari Misr chegarasidagi bufer zonaning to‘rtdan uch qismini nazorat qilmoqda va HAMASning qurol kontrabandasi oldini olish uchun barcha qismini nazorat qilishni maqsad qilgan. Bu haqda Isroil Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Tsachi Hanegbi ma’lum qildi.
G‘azodagi janglar hech bo‘lmaganda 2024 yil bo‘yi davom etadi, deb qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, Isroil falastinlik mahbuslar bilan isroillik garovga olinganlarni almashishni ko‘zda tutuvchi kelishuvning bir qismi sifatida HAMAS talab qilgandek urushni tugatishga tayyor emasligiga ham ishora qildi.
Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh Rafahda o‘tkaziladigan yirik harbiy amaliyotga qarshi ekanini yana bir bor takrorladi va bunday operatsiya allaqachon o‘tkazilayotganiga ishonmasligini ham aytdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Jyenevada o‘tgan yig‘ilishida 30 dan ortiq davlat Isroilning G‘azodagi shifoxonalarga qilgan hujumlarini qoraladi va anklavdagi sog‘liqni saqlash inqirozidagi rolini yanada chuqurroq tekshirishni talab qildi.
Isroil rasmiylarning «mudhish xatoga yo‘l qo‘yib» Rafahdagi BMT agentligi omborlari yaqinidagi qochqinlar lageriga hujum qilingani to‘g‘risidagi populistik bayonotlariga qaramasdan, oradan bir sutka o‘tmasdan sionistlar armiyasi Rafahdan g‘arbroqda joylashgan «Al-Mavasi» qochqinlar lageriga hujum qilgan. Hujum natijasida kamida 21 kishi halok bo‘lgan.
Urushning 236-kuniga kelib, G‘azoda qurbon bo‘lganlar soni 36 ming 171 kishiga yetgan. 81 ming 420 nafar inson yarador bo‘lgan.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shinlari 6 ta ommaviy qirg‘in uyushtirishi natijasida 75 kishi qurbon bo‘lgan, 284 kishi yaralangan.
Qizil dengizdagi vaziyat
Anchadan beri ovozi chiqmay ketgan Yamandagi husiychilar yangi kuch to‘plab, yana bosh ko‘tara boshlashdi. Ular G‘azoda urush boshlanganidan buyon Amerikaning oltinchi MQ-9 Reaper zarbdor razvedka dronini Yaman uzra urib tushirishga muvaffaq bo‘lishdi. Dron Marib viloyati uzra qulatilgan.
Bunday dronlardan bittasining narxi 30 mln AQSh dollari turadi.
Qizig‘i shundaki, amerikaliklar avval dron texnik nosozlik tufayli qulaganini e’lon qilishgan. Biroq husiychilar dron o‘zlarining havo hujumidan mudofaa tizimi vositasida urib tushirilganiga videoisbot taqdim etishgan.
Husiychilar Qizil dengizda kemalarga hujum qilishni ham boshlab yuborishdi.
Marshal orollari bayrog‘i ostida Birlashgan Arab Amirliklari tomon harakat qilayotgan va Gretsiyaga tegishli bo‘lgan Laax kemasi Yaman yaqinida ikkita raketa zarbasini qabul qilgan.
Buyuk Britaniya dengiz savdosi operatsiyalari markazi kemaga hujumni tasdiqlagan. Zarba natijasida ekipaj a’zolari omon qolgan, kemaga jiddiy zarar yetmagan.
Avvalroq husiychilar Rossiya neftini Xitoy tomonga tashiyotgan Gretsiya tankerini ham nishonga olishgan edi.
Ukrainaga ruxsat
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga Rossiyaning ichkarisida joylashgan harbiy bazalarni neytrallashtirishga ruxsat berish kerakligini ta’kidladi.
U o‘z fikrini tushuntirish uchun matbuot anjumaniga xarita ko‘tarib keldi.
«Biz barchamiz Ukrainaga raketalar uchirilayotgan Rossiya harbiy bazalarini neytrallashtirishga izn berishimiz kerak», — degan Makron, Ukrainaga hujumlar Rossiya hududidan turib amalga oshirilayotganiga urg‘u berib.
Yevropa kengashining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel esa Yevropa Ittifoqining bir necha a’zosi o‘z qurollaridan Rossiya hududi ichkarisida joylashgan harbiy nishonlarni yo‘q qilishga ruxsat berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ukrainaga Rossiyaga qarshi qurollardan foydalanishga izn bergan mamlakatlar soni 11 tani tashkil etmoqda. Tashabbusni Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Polsha, Shvetsiya, Finlandiya, Chexiya, Litva, Latviya, Estoniya va Kanada qo‘llab-quvvatlagan.
G‘arbdagi barcha davlatlar Ukraina qurolli kuchlariga o‘zlari taqdim etgan qurollar bilan Rossiya hududidagi harbiy obektlarga zarba berishga ruxsat etishlari kerak, degan Estoniya mudofaa vaziri Hanno Pevkur.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaga o‘z hududi ichkarisidan zarbalar bermoqda, bu holatda ukrainaliklar bir qo‘li orqasiga bog‘langandek urushishga majbur bo‘lmoqda va bu holatni normal deb atab bo‘lmaydi.
Ukrainaga yordam
Shvetsiya 500 km olislikdagi nishonni aniqlay oladigan lokator samolyotlarni yetkazib beradigan bo‘ldi.
Shvetsiya hukumati saytida ma’lum qilinishicha, Ukrainaga 13,3 mlrd shved kronasi yoki 1,3 mlrd AQSh dollari miqdorida harbiy yordam ko‘rsatadi. Bu mablag‘ tarkibiga zirhli transportyorlar, ASC 890 uzoqdagi nishonlarni radiolokatsion aniqlash samolyotlari kiradi.
ASC 890 — Saab 340 samolyoti bazasida yaratilgan shved samolyoti bo‘lib, havo kemasiga o‘rnatilgan radar 6 km balandlikdan turib 500 km olislikdagi nishonlarni bexato aniqlab bera oladi. Samolyot qo‘shimcha yoqilg‘i quymasdan osmonda 6 soat parvoz qila oladi. ASC 890 harbiy operatsiyalarni muvofiqlashtirish uchun havo qo‘mondonlik punkti sifatida ishlab chiqilgan.
Stokholm Kiyevga, shuningdek, Jaktrobot Rb 99 o‘rta masofaga uchuvchi boshqariladigan raketalarni ham taqdim etadi. Ushbu raketalardan havo hujumidan mudofaa komplekslarida yoki samolyotlarda foydalanish mumkin.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, bunday yirik miqdordagi yordam paketi qirollikning mudofaa qobiliyatini susaytiradi, biroq Stokholm evaziga yangi qurol-yarog‘lar va Global Eye samolyotini xarid qilmoqchi.
Ushbu paket Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan buyon qirollik tomonidan ko‘rsatilgan 16-yordam bo‘lmoqda. Shvetsiya hukumati Ukrainaga yaqin ikki yil uchun 7 mlrd dollarlik uzoq muddatli harbiy yordam dasturini taqdim etgan.
Gurjistondagi namoyishlar
Gurjistonning 160 ta nodavlat tashkiloti «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi chiqdi. Qo‘shma bayonotda aytilishicha, ular mamlakatda Rossiyadan andoza olingan qonunning qo‘llanishiga qarshi.
«Gurji xalqi o‘zining Yevropadagi kelajagini himoya qilishga qat’iy qaror qildi va shunday qilishda davom etadi, ular hech qachon Rossiya ta’siri ostida yashashga rozi bo‘lmaydi», — deyiladi Gurjistondagi 160 nodavlat tashkilot va ommaviy axborot vositalarining xorijiy ta’sirning shaffofligi haqidagi qonunga qarshi qo‘shma bayonotida.
Hujjat mualliflariga ko‘ra, Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga aynan o‘xshash bo‘lgan qonunni qabul qilish bilan Gurjiston hukumati «fuqarolik sektorini buzmoqchi bo‘lgan», ammo misli ko‘rilmagan birdamlik va tinimsiz qarshilikka duch kelgan.
«Mamlakatimizda Rossiya qonunlari qo‘llanmaydi. U hech kim ergashmaydigan qog‘oz bo‘lib qoladi!» — ta’kidlaydi bayonotga imzo chekkanlar.
Ularga ko‘ra, Gurjistonning amaldagi rasmiylari o‘z mamlakatida «bilimga, xalqaro obro‘ga, fuqarolik tartibi va tinchligiga ataylab xavf tug‘dirgan».
«Bizning norozilik va kurashimiz qonun bekor qilinmaguncha davom etadi», — deb va’da qilmoqda hujjat mualliflari.
Bayonotga imzo chekkanlar yangi qonunda nazarda tutilganidek, Adliya vazirligining maxsus reyestrida ro‘yxatdan o‘tmasliklarini bildirishgan.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024