22:37 / 01.06.2024
8382

Netanyahu HAMAS yo‘q qilinmaguncha G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatmasligini aytdi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar bir necha oydan beri asosiy masalalardagi tortishuvlar tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS yo‘q qilinmaguncha G‘azoda doimiy sulh bo‘lishi mumkin emasligini aytdi va bu bilan AQSh prezidenti Jo Bayden taklif qilgan va falastinliklar qo‘llab-quvvatlagan sulh rejasining muddati va mazmuni masalasini ko‘tardi. Bu haqda Reuters yozdi.

Bayden 31 may kuni Isroil o‘z qo‘shinlarini qisman olib chiqish va garovdagilarning ba’zilarini ozod qilish bilan 6 haftalik dastlabki sulhni o‘z ichiga olgan kelishuvni taklif qilganini, ikki tomon esa vositachilar ishtirokida «harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish» uchun muzokaralar olib borishini aytgan edi.

Biroq, Netanyahuning 1 iyun kungi bayonotida aytilishicha, Isroil «Hamasning harbiy va boshqaruv salohiyati yo‘q qilinmaguncha» doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi haqidagi har qanday fikr «muvaffaqiyatsizdir».

HAMAS 31 may kuni «ijobiy va konstruktiv tarzda» hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi, biroq guruhning yuqori martabali amaldorlaridan biri Mahmud Mardaviy Qatar televideniyesiga bergan intervyusida hozircha taklif tafsilotlarini olmaganligini ma’lum qildi.

«Bosqinchi armiyani olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatish talabi bajarilmaguncha hech qanday kelishuvga erishib bo‘lmaydi», dedi u.

AQSh qo‘llab-quvvatlashi va Misr bilan Qatar vositachiligidagi tinchlik muzokaralari bir necha oydan beri asosiy masalalardagi tortishuvlar tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Isroil garovga olingan barchaning ozod qilinishi evaziga urushni vaqtincha to‘xtatib turish, so‘ngra HAMAS tahdidini yo‘q qilish uchun yana davom ettirishga tayyor edi. HAMAS esa har qanday kelishuv ortidan Isroilning o‘t ochishni butunlay to‘xtatish bo‘yicha xatti-harakatlarini, jumladan, qo‘shinlarning butunlay olib chiqilishini istamoqda.

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top