08:29 / 01.06.2024
6567

Oq uy Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilgani bo‘yicha tafsilotlarga aniqlik kiritdi

Ukraina Rossiya hududiga mamlakat shimoliy chegarasi yaqinida zarba berish uchun Amerika qurollaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Ruxsat ATACMS raketalariga taalluqli emas.

Foto: Attila Husejnow / Keystone Press Agency / Global Look Press

AQShning Kiyevga Rossiya hududiga Amerika qurollari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berish haqidagi qarori Ukraina shimolidagi butun mintaqaga tegishli. Bu haqda 31 may, juma kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa masalalari bo‘yicha direktori Maykl Karpenter TSN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Karpenterning so‘zlariga ko‘ra, gap nafaqat Xarkiv viloyati, balki Sumi viloyati yaqinidagi hudud haqida ham boryapti. «Bu Rossiya kuchlari Ukrainani o‘qqa tutayotgan shimoldagi butun mintaqaga taalluqlidir. Ilgari ular u yerdan nisbatan xavfsiz tarzda o‘qqa tutishi mumkin edi, ammo endi Ukraina kuchlari javob uchun bizning o‘q-dorilarimiz va qurollarimizdan foydalanishi mumkin», - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

Shu bilan birga, u ruxsatnoma uzoq masofali ATACMS raketalariga taalluqli emasligini ta’kidladi. «Bu uzoq masofadan zarbalar berish uchun mo‘ljallangan ATACMS’ga taalluqli emas, chunki u Ukrainaga o‘zini himoya qilish qobiliyatini berish uchun mo‘ljallangan», — dedi Maykl Karpenter.

AQSh Kiyevga Rossiya hujumlarini qaytarishda «moslashuvchanlikka» ruxsat berdi 

AQSh prezidenti ma’muriyati Jo Baydenning ko‘rsatmalariga binoan, Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi hududiga, ammo Rossiya tomonidan hujumga uchragan shaharni himoya qilish uchun «faqat Xarkiv bilan chegarada» Amerika qurollaridan foydalangan holda zarbalar yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat berdi. Bu haqda 30 may kuni Amerikaning Politico nashri va CNN telekanali xabar qildi. 

Politico suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z jamoasiga «Xarkivda javob qaytarish uchun» Ukrainaning Amerika qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni va Ukraina Qurolli kuchlariga «zarba bergan yoki bunga tayyorlanayotgan Rossiya qo‘shinlariga javoban hujum qilishiga» ruxsat berishni buyurgan. Shu bilan birga, nashr manbasining ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish uchun Amerika qurolidan foydalana olmaydi yoki Rossiya hududi ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba bera olmaydi. 

Top