20:13 / 03.06.2024
3500

Netanyahu G‘azodagi harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishga tayyorligini aytdi

Isroil bosh vaziri garovdagilarni ozod qilish uchun shunday qadamga tayyorligini ma’lum qildi, biroq urush to‘xtamasligini ta’kidladi. 

Foto: AP

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu garovga olingan isroilliklarni ozod qilish uchun G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni olti haftaga to‘xtatishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Israel Hayom yozdi. 

«Isroil garovga olinganlarni qaytarish uchun harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishi mumkin. Ammo biz urushni to‘xtata olmaymiz. Eronliklar va barcha dushmanlarimiz taslim bo‘lamizmi yoki yo‘qmi, ko‘rmoqchi bo‘lib bizga qarab turibdi», dedi bosh vazir parlamentning tashqi ishlar va mudofaa bo‘yicha komissiyasi yopiq yig‘ilishida. 

The Times of Israel nashrining tushuntirishicha, Netanyahu bu so‘zlarini AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha taklif qilingan rejani izohlayotgan paytida aytgan. Isroil bosh vaziriga ko‘ra, Amerika prezidentining rejasida «bo‘shliqlar» bor. 

«Bayden taqdim etgan reja to‘liq emas edi. Garovga olinganlarni qaytarish uchun urush to‘xtaydi, keyin esa qolganini muhokama qilamiz. AQSh prezidenti ommaga taqdim etmagan boshqa tafsilotlar ham bor», deb qo‘shimcha qildi bosh vazir. 

AQSh prezidenti Jo Bayden 31 may kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha uch bosqichli rejani taqdim etdi. HAMAS rejani ijobiy kutib oldi. Shu bilan birga, Isroil hukumatining ikki o‘ta o‘ngchi a’zosi – Moliya vaziri Betsalel Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar Netanyahu kelishuvga rozi bo‘lsa, iste’foga chiqish va hukmron koalitsiyani parchalash bilan tahdid qildi. 

Bosh vazirning o‘zi esa barcha garovga olinganlarni ozod qilmasdan, HAMAS harbiy va siyosiy imkoniyatlarini yo‘q qilmasdan turib, doimiy sulh bo‘lmasligini ta’kidladi. O‘z navbatida, muxolifat yetakchisi Yair Lapid Baydenning rejasini qo‘llab-quvvatladi. 

Keyinroq Isroil bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ofir Falk Isroil rejaning asosiy qoidalariga rozi ekanligini, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, hali ko‘p tafsilotlarni qayta ishlash zarur. «Bu unchalik yaxshi kelishuv emas, lekin biz haqiqatan ham barcha garovga olinganlarning ozod etilishini xohlaymiz», deb qo‘shimcha qildi maslahatchi.

Mavzuga oid
Top