Jahon | 14:50 / 08.06.2024
2595
3 daqiqa o‘qiladi

NATO Ukraina bo‘yicha maxsus vakil lavozimini joriy etmoqchi

NATOning Ukrainadagi «katta fuqarolik vakili» pozitsiyasi iyul oyida alyans sammitida taqdim etilishi mumkin. Maxsus vakil ittifoqchilar yordamini, jumladan, harbiy yordamni muvofiqlashtiradi.

Foto: Getty images

NATO Ukrainada o‘zining maxsus vakili lavozimini tashkil etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Foreign Policy 7 iyun, juma kuni manbalarga tayanib. Ularga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansining Ukrainadagi «katta fuqarolik vakili» lavozimi iyul oyida blokning yubiley sammitida taqdim etilishi mumkin. Maxsus vakil ittifoqchilar tomonidan Ukrainaga, jumladan, harbiylarga yordam berishni muvofiqlashtiradi.

Foreign Policy suhbatdoshlari ta’kidlaganidek, bunday qadam NATOga Ukrainaga ham, Rossiyaga ham siyosiy signallar yuborish imkonini beradi. Alyansning ba’zi vakillari maxsus vakil tayinlanishini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi navbatdagi qadam deb atasa, boshqalari buni NATOga a’zo bo‘lishga intilayotgan davlat uchun «tasalli mukofoti» deb atamoqda. 

Avvalroq AQSh va Germaniya Rossiya bilan mojaroning kuchayishidan xavotirlanib, joriy yilda Ukrainani NATOga taklif qilishga qarshi chiqqani ma’lum bo‘lgan edi. Turkiya Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish ittifoqchilarning mojaroda faolroq ishtirok etgani haqida taassurot qoldirmasligi uchun ehtiyotkorlikka chaqirdi. 

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar paketi bir qismi 

Ukrainani Rossiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar doirasida NATO maxsus vakilini tayinlash muhokama qilinmoqda. Uning yana bir qismi Ukrainaga besh yil muddatga 100 milliardlik yordam fondini yaratish bo‘lishi mumkin, biroq alyans ittifoqchilari NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning tegishli tashabbusini qo‘llab-quvvatlamadi, deb xabar berdi Bloomberg. 

Endi Stoltenberg alyans a’zolarining umumiy miqdori 43 milliard dollar bo‘lgan joriy badallarini saqlab qolishni talab qilmoqda. Mablag‘ning yarmi Qo‘shma Shtatlar tomonidan berilishi kerak. NATO bu Kiyevni qo‘llab-quvvatlash darajasini, ayniqsa, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlari nuqtayi nazaridan oldindan taxmin qilish imkonini berishiga umid qilmoqda. 

Bu taklif NATO mamlakatlari orasida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bitta savol - Vengriyaning pozitsiyasi, u Ukrainaga yordamni kengaytirishdan bosh tortish imkoniyatini berishni so‘rayapti. 

Mavzuga oid