15:22 / 11.06.2024
2273

Bloomberg: YeI Ukraina orqali Ozarboyjondan gaz olish imkonini muhokama qilmoqda

Ukraina orqali gaz tranzitini saqlab qolish variantlaridan biri uni Ozarboyjondan sotib olish va mavjud infratuzilma orqali keyingi o‘tkazish bo‘lishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.

Foto: Imago/Zuma

Yevropa Ittifoqi rasmiylari 2025 yilda Rossiya-Ukraina asosiy quvuri orqali gaz olishni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda 10 iyun, dushanba kuni manbalarga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi

Qayd etilishicha, muhokama qilinayotgan variantlardan biri Yevropa kompaniyalarining Ozarboyjondan gaz sotib olishi va uni Yevropaga yo‘naltirilgan Rossiya quvurlariga o‘tkazishdir. «Bunday kelishuv Yevropaga Moskvaning daromadlarini qisqartirishga urinayotgan bir paytda, Rossiya gazini sotib olishdan tiyilish imkon beradi», deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

Bu istiqbol Ukraina uchun foydali bo‘lishi bilan ham qo‘llab-quvvatlanyapti, deya davom etadi jurnalistlar. Ularga ko‘ra, 2021 yilda Ukrainaga gaz tranzitidan tushgan daromad qariyb 1 milliard dollarni tashkil etdi va bu urushdan zarar ko‘rgan iqtisodiyotni moliyalashtirish imkonini berdi. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan quvurlar harbiy nishonga aylanishi yoki yaroqsiz holga kelishi mumkinligidan xavotirlar bor, bu esa ularni tiklash uchun katta xarajatlarni talab qiladi, deb yozadi nashr. 

Xabar e’lon qilingan vaqtda Ozarboyjon davlat kompaniyasi Socar Bloomberg’ga bunday rejalar yuzasidan izoh bermadi. Rossiya hukumati va «Gazprom» ham jurnalistlarning so‘rovlariga javob taqdim etmadi. 

Rossiya Ozarboyjon gazi Ukraina orqali o‘tishidan foyda ko‘radi 

«Ozarboyjon gazidan foydalanish bilan bog‘liq reja, agar u svop (turli aktivlarni ma’lum vaqtdan keyin qaytarish sharti bilan ayirboshlash bo‘yicha birjadan tashqari bitim) sifatida rasmiylashtirilsa, Rossiya uchun nazariy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin. Bu Moskvaga o‘z gazini boshqa davlatga jo‘natish imkonini beradi, - deb yozadi Bloomberg. - Rossiya yetarli miqdorda yangi yonilg‘i iste’molchilarini topish uchun ko‘p harakat qilishiga to‘g‘ri keldi, chunki uning infratuzilmasi Yevropaga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan, Xitoy esa qattiq muzokaralar olib bormoqda». «Svoplar g‘oyasi neft-gaz bozorlari uchun begona emas va yonilg‘ini bir joydan boshqa joyga jismonan yetkazib berishning iloji bo‘lmaganda qo‘llanadi, - deyiladi maqolada. - Ozarboyjon allaqachon o‘z gaz quvurlaridan Yevropani ta’minlash uchun to‘liq quvvatda foydalanmoqda».

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hali erta bosqichda bo‘lgan tegishli muzokaralar natijalarini 2024 yil oxiriga yaqinroq kutish kerak - o‘shanda «Ukraina bilan tranzit bo‘yicha shartnomaning amal qilish muddati yaqinlashayotgani fonida bosim kuchayadi».

«Ko‘p tafsilotlarga oydinlik kiritilishi kerak va bu kelishuv amalga oshishi fakt emas. Frontdagi voqealar rivoji ham muhim omilga aylanishi mumkin», - deydi jurnalistlar. 

Kelishuvning ehtimoliy ishtirokchilari 

Muhokama ishtirokchilaridan biri, ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyaning Uniper SE energetika konserni bo‘lib, u 2022 yil yozida Rossiya Federatsiyasidan gaz yetkazib berish kamayganidan keyin bankrot bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Germaniya hukumati tomonidan milliylashtirilgan. Konsernning o‘zi esa vaziyat haqida izoh berishdan bosh tortdi. 

Shu bilan birga, joriy yilning may oyida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Ozarboyjonga tashrifi chog‘ida Ukraina orqali o‘tuvchi gaz quvuri orqali ta’minotni davom ettirish imkoniyati haqida gapirgan edi, deb eslatadi agentlik. 

«Endi hammasi Rossiyaning «Gazprom»i, Ozarboyjon, Ukraina va boshqa kompaniyalar o‘rtasida iqtisodiy va narx sharoitlari bo‘yicha kelishish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarga bog‘liq, - deya Fitsoning may oyida jurnalistlar oldidagi nutqidan iqtibos keltiradi agentlik. - Agar bu shartlar kelishib olinsa, Slovakiya Ozarboyjondan gaz import qila oladi, uning bir qismi Slovakiyada qoladi, bir qismi esa boshqa davlatlarga ketadi». 

Slovakiya hukumati vakili bu borada batafsil izoh berishdan bosh tortdi.

Bloomberg ta’kidlashicha, bunday kelishuvdan foyda ko‘radigan yana bir mamlakat Avstriya bo‘ladi. Biroq mamlakat Energetika vazirligi bu mavzuga izoh taqdim etmadi.

O‘z navbatida, Ukrainaning «Naftagaz» kompaniyasi rahbari Aleksey Chernishov Ukraina gaz transporti tizimi ishlashda davom etadigan yechim topish uchun hamma narsani qilishini ta’kidladi, chunki «bu katta boylik va unga xaridor kerak».

Mart oyida Ukraina energetika vaziri German Galushchenko Kiyev Rossiya bilan hech qanday qo‘shimcha kelishuvlar tuzish yoki gaz tranziti bo‘yicha kelishuvni uzaytirish niyatida emasligini tasdiqlagan edi. Ushbu shartnoma 2024 yil 31 dekabrda tugaydi. 

Top