Jahon | 13:35 / 12.06.2024
16969
3 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh» Isroil shimoliga 100 dan ortiq raketa uchirdi

Hujum Isroil harbiylari «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirgani haqidagi xabarlardan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Foto: AFP/Scanpix/LETA

12 iyun, seshanba kuni Isroil harbiylari va ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Livanning «Hizbulloh» harakati Isroil shimoliga raketa zarbalari bergan. Havo hujumi haqida ogohlantirish Jalilaning ko‘plab aholi punktlarida, jumladan Safed va Tiberiya shaharlarida yangradi, deb yozadi The Jerusalem Post.

The Times of Israel gazetasi TsAHALga tayanib, Livan hududidan Isroil shimoliga kamida yuzta raketa uchirilganini aniqlashtirdi. Bu 2023 yil oktyabr oyida Isroilning HAMAS guruhiga qarshi urushi boshlanganidan beri «Hizbulloh» tomonidan amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan biridir. 

Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Livandan otilgan 90 ga yaqin raketa mamlakat havo hududini kesib o‘tgan, ularning bir qismi tutib olingan, qolganlari bir necha joyga tushib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Isroil hukumati rasmiy vakili Eylon Levi ijtimoiy tarmoqda Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari osmonda raketalarni tutib olgani aks etgan videoni joylashtirdi.

«Hizbulloh» yuqori martabali qo‘mondonining yo‘q qilinishi

Bir necha soat oldin OAV Livan janubiga Isroil hujumi uyushtirilgani, natijada «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni Taleb Sami Abdulloh halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Xabarlarga ko‘ra, u «Hizbulloh» harbiy tuzilmasida «general» lavozimni egallagan va G‘azo sektoridagi urush paytida o‘ldirilgan guruhning eng yuqori martabali qo‘mondoni bo‘lgan. Keyinchalik uning o‘limi haqidagi ma’lumot Livan manbalari tomonidan tasdiqlangan.

Sky News telekanalining arab tahririyatiga ko‘ra, Taleb Sami Abdulloh va uning sheriklari joylashgan binoga berilgan zarba natijasida «Hizbulloh»ning yana kamida uch qo‘mondoni halok bo‘lgan. Isroil hodisaga rasman izoh bermadi.

Mavzuga oid