O‘zbekiston | 09:50 / 13.06.2024
3113
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni olish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi

Kam ta’minlangan oilalar bolalar nafaqasi va moddiy yordamni olish uchun endilikda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ariza berishlari ham mumkin. Bu xizmat bepul bo‘lib, undan kam ta’minlangan, jumladan, oilasida 18 yoshgacha farzandi bor va ijtimoiy nafaqa olish istagida bo‘lganlar foydalanish imkoniyatiga ega.

2024 yil 1 maydan boshlab kam ta’minlangan oilalar bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, ya’ni my.gov.uz orqali ariza berishlari mumkin bo‘ldi. Bolalar nafaqasi 12 oy (bola 18 yoshga to‘lgangacha), moddiy yordam 6 oy muddatga to‘lanadi. Ularning miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan.

Bo‘ka tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori Kamoliddin Asqarovning tushuntirishicha, talabgorlar bu xizmatdan foydalanish uchun:

1.my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi;

2.tegishli xizmatni tanlashi;

3.undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak.

Xizmatdan foydalanish bepul. Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan o‘rganiladi. Bunda ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi. Shundan so‘ng ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Va ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi. Mazkur xizmat O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid