Jamiyat | 23:07 / 13.06.2024
14628
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi to‘yda yo‘l talashib, avtomobillarga shikast yetkazgan haydovchilar qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahri sudi 13 nafar ishtirokchiga taalluqli ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. 

Qoraqalpog‘istonda to‘y kortejida yo‘l talashib, bir-birining avtomobiliga qasddan shikast yetkazgan haydovchilarga jazo tayinlandi. Bunday qonunbuzarlikni sodir qilgan 13 nafar shaxsning har biri 15 sutkaga qamaldi. Ularning orasida to‘y egasi ham bor. 

Qayd qilinishicha, 12 iyun kuni Kegeyli tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan A.N. nikoh to‘yida 9 ta mashina Nukus shahridan Kegeyli tumaniga qarab kortej bo‘lib harakatlangan. 

To‘y egasi o‘zi o‘tirgan mashina orqasidan birinchi bo‘lib yetib borgan haydovchiga 200 AQSh dollar berishini va’da qilgan. Shundan so‘ng, haydovchilar kimo‘zarga harakatlanib, yo‘l talashib, bir-biri bilan qasddan to‘qnashgan. 

13 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahri sudi 13 nafar ishtirokchiga taalluqli ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. Ular «axloq-odob me’yorlarini mensimaslik, jamoat tartibini buzganlikda» ayblanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (Mayda bezorilik) ko‘ra 15 sutkaga qamaldi. Jazolanganlar orasida to‘y egasi ham borligi ta’kidlanmoqda. 

Shuningdek, to‘y saylida ishtirok etgan 9 ta mashina jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchilarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid