O‘zbekiston | 17:11 / 14.06.2024
10174
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kuyov qaynotasi va qaynonasini o‘ldirdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Samarqand viloyati Payariq tumanida oilaviy kelishmovchilik ortidan kuyov qaynotasi va qaynonasini o‘ldirgan. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 2024 yil 10 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 12:00 larda 36 yoshli J.M. Payariq tumani Bekto‘pi qishlog‘ida yashovchi qaynotasining yashash uyiga kelganda turmush o‘rtog‘i Z.A. bilan oilaviy kelishmovchilik bo‘lgani tufayli janjal kelib chiqqan.

Janjal davomida J.M. dastlab qaynonasi, 60 yoshli N.J.ga, so‘ng janjal ovozini eshitib kelgan qaynotasi, 62 yoshli R.J.ga oshxona pichog‘i bilan ko‘plab jarohatlar yetkazgan. Oqibatda N.J va R.J og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan J.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha J.M. gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, himoya huquqi bilan ta’minlangan holda JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mavzuga oid