Jahon | 09:10 / 18.06.2024
3347
2 daqiqa o‘qiladi

KNDS qurol konserni Leopard 2 tankining yangi versiyasini namoyish etdi

Leopard 2A-RC 3.0 tanki maxsus minora bilan jihozlangan, butun ekipaj esa korpus ichida joylashadi. Ishlab chiquvchilar uni yangi avlod MGCS tankining o‘ziga xos versiyasi deb atadi.

Foto: NIDS/NATO Multimedia Library

Germaniyaning Krauss-Maffei-Wegmann va Fransiyaning Nexter kompaniyasini o‘z ichiga olgan KNDS qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar guruhi Leopard 2 asosiy jangovar tankining yangi versiyasini taqdim etdi. Taqdimot 17 iyun, dushanba kuni Parij yaqinidagi Eurosatory 2024 xalqaro ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tdi. 

Leopard 2A-RC 3.0 tanki uch o‘rindiqli shassi asosiga qurilgan. Ekipaj uch kishidan iborat - komandir, yo‘l ko‘rsatuvchi va mexanik-haydovchi, o‘qlovchiga ehtiyoj yo‘q. Mashina asosiy qurollarning turli kalibrlaridan foydalanishga qodir bo‘lgan masofadan boshqariladigan maxsus minora, shuningdek, o‘n soniya ichida uchta o‘q otish imkonini beruvchi avtomatik o‘qlash tizimi bilan jihozlangan. Maxsus minora past siluetga ega bo‘lib, u mashina ko‘rinishi ehtimolini kamaytiradi va zararlangan hududni 30 foizga qisqartiradi. 

MGCS tankining texnologik versiyasi

KNDS ishlanmani Germaniya va Fransiya tomonidan birgalikda yaratilayotgan yangi avlod MGCS (Main Ground Combat System) tankining «muhim texnologik versiyasi» deb atadi. Aprel oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning fransuz hamkasbi Sebasten Lekornyu Parijda loyihani amalga oshirishda ikki mamlakat mudofaa korxonalari o‘rtasida mas’uliyatni teng taqsimlashni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumini imzolagan edi. 

Ushbu jarayon davomida ishlab chiqilgan mashinalar, rejalarga ko‘ra, taxminan 2040 yildan boshlab Germaniyaning Leopard 2 va Fransiyaning Leclerc tanklari o‘rnini egallaydi. 

Mavzuga oid