O‘zbekiston | 12:31 / 21.06.2024
20576
5 daqiqa o‘qiladi

"Fermerning mulki xuddi ko‘cha bezorilari kabi tortib olinyapti". Kun tartibiga chiqqan masala haqida suhbat

Mamlakatda g‘alla o‘rimi davom etmoqda. Lekin fermer va dehqonlarga bo‘layotgan bosimlar, hosilning ortidan tushgan “davlat xodimlari”ning harakatlari noroziliklarni keltirib chiqaryapti. Kun.uz ayni masalani ekspertlar bilan tahlil qildi. Suhbatdoshlar fikricha, bo‘layotgan voqealarning ortida katta korrupsion harakatlar, shaxsiy manfaatlarga davlatni niqob qilish, lavozimidan foydalangan holda boyish maqsadi yotibdi. Bu fermerlar orasida davlatga bo‘lgan ishonchni susaytirib, qonunsizlikni avj oldiradi.

Bahorning so‘nggi kunlaridan ijtimoiy tarmoqlarni yana fermer-u dehqonlarning oh-vohiga to‘la videolar to‘ldira boshladi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida g‘alla o‘rimini boshlagan fermer qarshilikka uchradi. Dalaga borgan IIB xodimi, sektor rahbari muovini va boshqalar uning faoliyatiga aralashib, o‘rimni to‘xtatib qo‘ydi. Xuddi shunday holat Xorazmda ham takrorlangan.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev fikricha, bu kabi xatti-harakatlar – ibtidoiy jamoa tuzumidagi qonunsizlik, bosqinchilik va talon-tarojni eslatadi. Oqibatda esa zarar va jabr ko‘rgan dala ahlining o‘zi bo‘ladi. Qarshiliklar va aralashuvlar fermerlarning boyimasligi, keyingi ekish ishlariga kechikishi va hosildan ayrilishiga xizmat qiladi, deydi Kusherbayev.

Agrobiznes uyushmasi rahbari Ikromovga ko‘ra, qonunchilik nuqtayi nazaridan fermerlar faoliyatiga aralashuv taqiqlangan. Biroq amaliyotda ular erkin emas. Boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti ekkanlar nisbatan erkin, lekin g‘allaga kelganda hosilning doim egalari paydo bo‘ladi. Bu esa fermerlar zarariga o‘ynab, hosildan quruq qolishga, ko‘zlangan foydani ololmaslikka sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, suhbatda o‘rim uchun eng muhim bo‘lgan kombayn va uning egalariga munosabat ham muhokama qilindi. Suhbatdoshlarning fikricha, O‘zbekistonda yaqin 4-5 yilda kombaynlar inqirozi yuz beradi. Chunki har bir odam bu turdagi texnikani o‘zi sotib oladi, kreditga olgan taqdirda ham uni o‘zi so‘ndiradi. Lekin ular kombayniga o‘zi egalik qilolmaydi. G‘alla o‘rimini boshladim deguncha, unga rahbarlar ko‘payadi. Bu esa texnika egalarining hafsalasini pir qilmoqda. Yaqin yillarda hech kim pulini kombaynga tikmaydi va g‘allani qo‘lda o‘rishga majbur bo‘lib qolishimiz mumkin, deydi Kamoliddin Ikromov.

Xorazmlik dehqon Islombek Rajapov o‘tgan yili xuddi shunday «reyderlik» qurboni bo‘lgan. O‘tgan oktyabr oyida tadbirkordan ijaraga yer olib faoliyat yuritayotgan dehqon bug‘doy ekkan. Shu kunlarda g‘alla o‘rimini boshlagan dehqonning oldiga Xorazm viloyati Urganch tumani IIB boshliq muovini, uchastka inspektori va YPX xodimi kelib, g‘alla o‘rimini to‘xtatishni hamda belgilangan miqdordagi bug‘doyni tezda davlatga topshirishni talab qilgan.

“Agar ichki ishlar alohida hokimiyat bo‘lsa, biz faqat unga bo‘ysunaylik. O‘zbekistonda fermer va dehqonlar xor bo‘lmoqda. Yana 3-4 kun kechiksam, hosildan ham, foydadan ham ayrilaman. Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining qonundan xabari bormi o‘zi, nega bizning konstitutsion huquqlarimiz ta’minlanmaydi? Unda hujjat qabul qilgandan nima naf?” deydi dehqon Rajapov.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev fikricha, bu – bosqinchilik va eng achinarlisi, bu bosqinchilikni davlat xodimlari, «forma» kiyganlar qilmoqda. Chunki ular qo‘rqoq, o‘z ishini va lavozimini yo‘qotmaslik uchun berilgan topshiriqlarni ham ko‘r-ko‘rona bajaradi. Masalaning yana bir qiziq tomoni, respublika darajasidagi rahbarlarning bunga ko‘z yumishi. Balki korrupsion sxema quyidan boshlanib, respublika darajasigacha yetgandir, deydi Kusherbayev.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid