O‘zbekiston | 20:52 / 21.06.2024
11163
4 daqiqa o‘qiladi

“Sardor Kariyev ozodlikka chiqishiga qarshiligimiz yo‘q” - apellyatsiya sudida jabrlanuvchilar tinglandi

21 iyun kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudida sud tergovi yakunlanib, muzokara qismi boshlandi. Unda jabrlanuvchilar Sardor Kariyevning onasi zararni qoplab bersa, unga va boshqa sudlanuvchilarga da’volari bo‘lmasligini bildirdi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudida muzokaralar boshlandi. 21 iyun kuni o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida siropdan zaharlangan bolalarning ota-onalari hamda yaqinlari so‘zga chiqdi.

Jabrlanuvchilardan birining onasi Hilola Tursunboyeva Kariyevning jazosini yengillatish yoki olib tashlashga ham qarshimasligini aytdi:

“O‘g‘lim “Ambronol” dorisidan zaharlanib, 1,5 oy komada yotdi. O‘ziga kelgach boshida suv yig‘ilgan ekan, ikki marta operatsiya qilindi. Hozir boshida shunt o‘rnatilgan, bir tomoni ishlamaydi. Qarzga botib ketdik, yordam beradigan birov bo‘lmadi, qarz olishga majbur bo‘ldik. Turmush o‘rtog‘im oddiy ishchi, men esa uy bekasi. Hozir bolamizni davolatmasak bo‘lmaydi, ko‘mak zarur juda. Ikki yoshga to‘lishini komada kutib oldi, 3-darajali komada yotdi. Hamma umid yo‘q deganda, farzandimni qaytarib berdi. Lekin hozir ham har kunimiz qo‘rquvda o‘tmoqda, bolamizga umr so‘rab o‘tiramiz”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bolasini yaxshiroq joyda davolatishi uchun  tezroq pul mablag‘i undirib berilishi muhim.

“Kariyevning jazosini yengillashtirsangiz ham rozimiz, ularning ham farzandi bor, balki aybdordir, balki yo‘q. Kariyevning onasi yordam beraman deyapti ekan, shuni olib bersangiz bo‘ldi bizga, juda qiynalib ketdik”, deydi u.

Yana bir jabrlanuvchining onasi moddiy zarar undirib berilsa, da’vosidan voz kechishini ta’kidladi.

“Bu yerdagi onalarni ko‘rib, menga juda og‘ir botyapti. Hech bir odamning boshiga solmasin bunaqa voqeani. Sudlanuvchilarga qandaydir jazo so‘ramayman, sudning o‘ziga havola bu.

Faqat bolasining kasalligidan foydalanib pul undiryapti, degan gapni to‘xtatinglar. Reanimatsiya xonasi oldida o‘tkazgan kunlarimni o‘zim bilaman. Farzandim omon qoldi, lekin davolatish kerak. Shu paytgacha qarzga botib ketdik. Bir tomondan farzandim sog‘lig‘ini o‘ylasam, ikkinchi tomondan qarzlarni to‘lashni o‘ylayman. Bu tomondan ma’naviy zarar ham bo‘lyapti. Xo‘jayinim ishlash uchun chet elga ketishga majbur bo‘ldi.

Agar moddiy zarar undirib berilsa, men da’voyimdan voz kechaman va Kariyevning uy qamog‘iga olinishiga roziman. Agar shu farzandim sog‘ bo‘lganda, bulardan bir tiyin ham kerak emasdi. Sudma-sud yurishdan charchadik”, deydi jabrlanuvchining onasi.

Qoraqalpog‘istonlik jabrlanuvchining qonuniy vakili ham Kariyev uy qamog‘iga olinishiga roziligini bildirdi:

“Qoraqalpog‘istondan keldim, oldingi sudlarda onlayn qatnashgandim. Yuqorida boshqa jabrlanuvchilar aytgan gaplarga qo‘shilaman. Oddiy o‘qituvchiman o‘zim, maoshimiz ko‘p emas, 3 ta farzandim bor. Qizimni davolatishga mablag‘imiz yo‘q, qarzga ham botganmiz. Kariyev uy qamog‘iga olinsa, mablag‘ to‘lab berilishiga rozi bo‘lishyapti. Bunga men ham roziman”.

Shuningdek, xorazmlik jabrlanuvchining qonuniy vakili Kariyevning onasi maydonga mard bo‘lib chiqib, jabrlanuvchilarga zararni to‘lab beraman degani uchun minnatdorlik bildirdi.

Sud 24 iyunga qadar tanaffus e’lon qildi. Navbatdagi sud muzokarasida advokat va sudlanuvchilar nutq so‘zlaydi.

Mavzuga oid