Jahon | 08:44 / 26.06.2024
7244
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari Rossiya mudofaa vaziri bilan telefonlashdi

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin rossiyalik hamkasbi Andrey Belousov bilan ilk bor suhbatlashdi. Ular «aloqa kanallari»ni saqlab qolish muhimligini va Ukrainadagi urushni muhokama qilishdi. 

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin 25 iyun, seshanba kuni o‘z hamkasbi Andrey Belousov bilan ilk bor telefon orqali gaplashdi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder ma’lum qildi, keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi suhbat «Amerika tomonining tashabbusi bilan» bo‘lganini tasdiqladi. 

Suhbat chog‘ida Lloyd Ostin Rossiya va AQSh harbiy departamentlari uchun «aloqa kanallarini saqlab qolish» muhimligini ta’kidladi. Vazirlar «Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashishdi», deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida. Xususan, Belousov «Ukraina qurolli kuchlariga Amerika qurollarini yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyatning yanada keskinlashishi xavfi»ni ta’kidladi. 

Pentagon rahbari va Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri (o‘sha paytda – Sergey Shoygu) o‘rtasidagi so‘nggi telefon suhbati 2023 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan. 

Moskva Vashingtonni Ukrainaning Qrimga bergan zarbasiga aloqadorlikda aybladi

Rossiya Federatsiyasi va AQSh mudofaa departamentlari rahbarlarining telefon suhbati Ukraina armiyasi Sevastopolga raketa hujumi uyushtirgani munosabati bilan Kreml Vashingtonga tahdid qilganidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. Hodisa oqibatida 4 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi, 150 dan ortiq kishi jarohatlangan. «Amerika Qo‘shma Shtatlarining jangovar harakatlarda ishtirok etishi, rossiyalik tinch aholining o‘limiga olib keladigan jangovar harakatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish, bu, albatta, oqibatlarga olib kelishi aniq. Ular qanday bo‘lishini - vaqt ko‘rsatadi», dedi 24 iyun kuni jurnalistlarga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Oq uyning Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Amerika kassetali kallaklarga ega ATACMS raketalari yordamida Sevastopolga uyushtirilgan hujumga aloqadorligini ma’lum qildi. 

Pentagon ayblovlarga javoban Ukraina rasmiylari zarbalar uchun nishonlarni mustaqil tanlashini bildirdi. 

Mavzuga oid