Jahon | 21:50 / 27.06.2024
9186
12 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Trampning birinchi debati. Undan nima kutish mumkin?

Morry Gash / Reuters / Scanpix / LETA

27 iyun kuni kechqurun Jo Bayden va Donald Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan birinchi debatda ishtirok etadi (saylovlar noyabrga belgilangan). Bu kun ularning ikkisi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin: Amerikaning ayrim nashrlari agar Bayden debatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, demokratlar uni boshqa nomzodga almashtirishi mumkinligini aytishmoqda, Tramp esa Nyu York ishi bo‘yicha hukm chiqarilishiga atigi ikki hafta qolganida saylovchilarga murojaat qilayotganiga e’tibor qaratilgan. «Meduza» Bayden va Tramp qanday mavzularni muhokama qilishi — va ularning birinchi debatidan nimalar kutish mumkinligi haqida yozdi.

Bayden va Tramp 2020 yilda ham o‘zaro debatlarda qatnashgandi (AQSh prezidentligi uchun ketma-ket ikki saylovdagi nomzodlar takrorlanishi oxirgi bor1956 yilda kuzatilgandi — o‘sha poyga debatlarsiz kechgan so‘nggisi bo‘lib qolgan).

O‘tgan safargi debatlar vaqtida nomzodlar odatdagidek uch marta emas, faqat ikki marta debat qilishgan — saylovlarga bir oy qolganida Tramp koronavirusga chalingan, videoaloqa orqali bahs olib borishdan esa bosh tortgandi. O‘shanda nomzodlarning ikki uchrashuvi ham mojaroli kechgan (va kutilganidek mazmunli bo‘lmagan). Birinchi kechada, 29 sentabr kuni, Tramp Baydenni izdan chiqarishga harakat qilib, bir necha o‘n marta uning gapini bo‘lib qo‘ygandi. Respublikachilar nomzodi tinimsiz ravishda demokrat raqibining jig‘iga tekkan, ammo u hujumlar va haqoratlar oqimiga bardosh berolgandi. Shu bilan birga, bir necha bor keskin javob ham qaytargan. Masalan, Trampni masxaraboz deb atab, jahl bilan shunday degan: «Sen qachon og‘zingni yumasan?». Shunga qaramay, so‘rovlar o‘sha debatlarda Bayden yaqqol ustunlik bilan g‘olib chiqqanini ko‘rsatgan (holbuki, ko‘plab ekspertlar buni tarixdagi eng yomon chiqish deb atagandi).

Ikkinchi raund arafasida debatlarni o‘tkazish bo‘yicha komissiya qoidalarni o‘zgartirgan: hatto chiqish qilayotgan nomzodning raqibining mikrofoni o‘chirib qo‘yilgan. Bu esa muhokama cho‘zilishiga olib kelgan va 15 daqiqalik oltita segment davomida siyosatchilar koronavirusga qarshi kurash, irqiy munosabatlar, iqlim o‘zgarishi va milliy xavfsizlik masalalarini muhokama qilishgan. Auditoriya jiddiy darajada kamaygan: debatlarni 63 million saylovchi tomosha qilgan (birinchi raundda bu miqdor 10 millionga ortiq edi). Bu safar ham Bayden g‘olib chiqadi — tomoshabinlardan faqat 39 foizi debatlarda Tramp g‘olib deb hisoblagandi.

Ammo debatlarga qarab mo‘ljal olib bo‘lmaydi. Trampning 2020 yilgi tajovuzkor taktikasi ijtimoiy so‘rovlarda ancha ortda qolganidan kelib chiqqandi. O‘sha debatlarni Bayden favorit sifatida boshlab, yaqqol favorit sifatida yakunlagandi. Bu safar esa u raqibidan ortda qolmoqda.

Odatda debatlar saylovlarga kam vaqt qolganida o‘tkaziladi — hozir esa hali bir necha oy bor. Nima uchun?

2023 yil noyabrida komissiya debatlar kunini anons qilgandi. Ularni 16 sentabr, 1 va 9 oktyabr kunlariga belgilashgandi. Ammo o‘shandayoq bu reja o‘zgarishsiz qolmasligi tushunarli edi.

2016 yilda ham, 2020 yilda ham Tramp debatlar o‘tkazish bo‘yicha komissiya faoliyatini adolatsiz deb atagan — birinchi navbatda u o‘ziga qattiq savollar berib, raqibining so‘zini bo‘lib qo‘yishiga xalal bergan moderator jurnalistlarni tanqid qilgan. 2022 yilda esa Respublikachilar partiyasi nomzodlari praymerizda ishtirok etishi uchun rasmiy debatlardan bosh tortishini shart qilib qo‘yadi.

Hal qiluvchi zarbani demokratlar berishadi. 2024 yil 15 mayda Bayden kutilmaganda Trampni o‘z shtablari, komissiya ishtirokisiz tashkil etadigan mustaqil debatlarga chaqiradi. Demokratlar taklifiga ko‘ra, uchrashuv tomoshabinlarsiz studiyada, iyun va sentabr oylarida, qat’iy moderatsiya bilan o‘tkazilishi kerak edi.

Trampni debatlarga chorlarkan, Bayden shunday deydi:

«Biz 2020 yilda debat qilganimizda Donald Tramp menga ikki marta yutqazgandi, shundan keyin esa debatlardan bosh tortib keladi. Endi u o‘zini shunday tutmoqdaki, xuddi buni takrorlamoqchidek — yaxshi, og‘ayni, marhamat. Men buni ikki marta qilishga ham roziman. Kel, Donald, kunini tanlaymiz, eshitishimcha, sen chorshanba kunlari bo‘shsan».

Demokratlar shtabi darhol debatlar o‘tkazishda komissiya bilan hamkorlikdan bosh tortilishining uchta sababini keltiradi:

  • pochta orqali ovoz berish birinchi debat belgilangan kundan oldinroq boshlanadi — ya’ni saylovchilarning bir qismi nomzodlarni tinglashdan avvalroq ovoz berib bo‘ladi;
  • debatlarni tomoshabinlar guvohligida o‘tkazish mazmunli munozaraga xalaqit beradi;
  • komissiya go‘yoki 2020 yilda Trampni o‘z qoidalariga amal qilishga majburlay olmagan — respublikachilar tomonidan uyushtirilgan janjal esa jiddiy muhokamaga imkon bermagan.

Bu izohlarning barchasi o‘ylab topilgandek ko‘rinadi. Masalan, sentabrdagi muddatdan oldin ovoz berish jarayonida saylovchilarning mutlaq ozchilik qismi qatnashadi va ko‘p hollarda ular nomzodlardan birortasining qat’iy tarafdori bo‘ladi.

Katta ehtimol bilan, Baydenning shtabi shunchaki Trampni qulay shart-sharoitlardagi debatni o‘tkazishga majbur qilishni ko‘zlagan — erta sanalar, sokin muhit, gapirayotgan nomzodning raqibida mikrofon o‘chiq bo‘lishi. Strategiya ish berdi: respublikachilar shtabi shu kuniyoq taklif etilgan formatga rozi bo‘ldi. Debatlar 27 iyun va 10 sentabr kunlariga belgilandi; dastlabkisini CNN, keyingisini ABC telekanali tashkillashtiradi.

Bularning bari Baydenga nega kerak?

Debatlar bu qadar erta vaqtga surilishi demokratlar shtabiga muhokamalarda uchinchi nomzod, kichik Robert Kennedi ishtirok etmasligi uchun zarur bo‘lgan bo‘lishi mumkin — u debatlarda ishtirok etish shartlarini bajarishga ulgurmasligi aniq edi. Yana bir ehtimoliy sabab — debatlarda g‘alaba qozonilgan taqdirda poygani «qayta boshlash» umididir.

Biroq, ayrim jurnalistlarning hisoblashicha, shtab strategiyasi demokratlar o‘z nomzodiga ishonmayotganini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Gap shundaki, amaldagi prezident ko‘plab so‘rovnomalarga ko‘ra ortda qolmoqda, ayniqsa «ikkilanuvchi» shtatlarda. Bunday vaziyatda nomzod uchun poygada qandaydir xaosni yuzaga keltirish haddan ortiq muhimdir. Masalan, maksimal miqdorda debatlar talab qilish va saylovchilarga katta ta’sir ko‘rsatish uchun saylovga yaqin vaqtdagi sanalarni taklif qilish. Bayden shtabi esa buning teskarisiga erishdi. Buni quyidagi ikki holat bilan izohlash mumkin:

  • demokratlar so‘rovlarning aniqligiga ishonmaydi, garchi barcha pollsterlar Bayden hech bo‘lmaganda Trampdan sezilarli ustunlikka ega emasligiga amin;
  • prezident shtabi debatlar unga yordam berishiga ishonmaydi — faqat zarar yetkazadi deb hisoblaydi. Taniqli jurnalist Neyt Silver esa agar Bayden birinchi raundda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, demokratlar nomzodini almashtirishi ham mumkinligini aytgan.

Debatlarda nima muhokama qilinadi? Va nomzodlar qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Trampning tarafdorlariga ko‘ra, respublikachilar debatlarga tayyorgarlik ko‘rishning odatiy usulidan voz kechgan — u oldindan tayyorlangan iboralarni pishitmaydi va Bayden rolini bajaruvchi aktyor bilan bahslashuvni repetitsiya qilmaydi. Buning o‘rniga u maslahatchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan hamda bayonotlarini zaldagi tarafdorlari qarshisida sinab ko‘rish uchun mitinglarda nutq so‘zlagan.

Xususan, Tramp allaqachon Baydenni noqonuniy migrantlar tomonidan sodir etilgan qotilliklar haqida gapirishga majbur qilishga va’da bergan. Bu strategiya tayanadigan argumentlar esa bahsli: aslida noqonuniy migrantlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar soni AQShning boshqa aholisi sodir etadigan jinoyatlar bilan solishtirib bo‘lmas darajada kam, amaldagi prezidentning qarorlari esa (masalan, quroldan foydalanish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilishi) mamlakatdagi zo‘ravonlik holatlari darajasini pasaytirgan. Shunga qaramay, migratsiya inqirozi eng o‘tkir masalalardan biri bo‘lib qolmoqda va Tramp uchun bu muammoni Baydenning harakatlariga bog‘lash muhim.

Bundan tashqari, moderatorlarning savollari Trampning yangi radikal takliflari bilan kesishishi mumkin: masalan, soliq tizimini isloh qilish g‘oyasi va Rossiya bosqinini aynan Baydenning Ukrainani NATOga qabul qilish va’dasi keltirib chiqargani to‘g‘risidagi bayonot. Bundan tashqari, debatlar arafasida respublikailarning maslahatchilari unga prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan taqdirda urushni to‘xtatish bo‘yicha rejani taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu reja ikki ultimatumni o‘z ichiga oladi: Tramp qurol yetkazib berishni to‘xtatish tahdidi bilan Kiyevni muzokaralarga majburlamoqchi, Moskvaga esa — agar muzokaralar stoliga o‘tirishni xohlamasa, Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmini oshirish bilan tahdid qiladi.

Amaldagi prezident debatlarga qanday tayyorlanayotgani haqida esa ma’lumot biroz ko‘proq. Kemp-Devid qarorgohidagi angarda sahnaning nusxasi qurilgan, Baydenning shaxsiy huquqshunosi repetitsiya vaqtida «Tramp»ni o‘ynaydi, tayyorgarlik uchun esa bir haftaga yaqin vaqt ajratilgan. Bu jarayon davomida maslahatchilar prezidentga avvalgi chiqishlari yozuvini ko‘rsatib, uning xatolarini qayd etib borishadi.

Baydenning yana bir jamoasi u uzun murakkab iboralar ishlatmasligi, balki qisqacha keskin gaplar aytishini ta’minlashga e’tibor qaratgan. Bu amerikalik polittexnologlarning azaliy sabog‘idir: debatlardagi asosiy yakun uzun muhokamalar natijasi emas, balki yangiliklarda qayta-qayta berilganida (hozirda ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan) ta’sirchan ko‘rinadigan o‘n soniyalik parchalardir.

Debatlar natijasiga yana nima ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Asosiy intriga — 81 yoshli Bayden va 78 yoshli Trampning jismoniy formasi. Amerikalik saylovchilar hisoblashicha, Baydenning asosiy minusi — aynan yoshidir. Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez demokratlar nomzodining salomatligidagi muammolarga ishora qiluvchi yangi videolar tarqaladi (ko‘pincha ular feyk bo‘lib chiqadi). Respublikachilar esa bundan bajonidil foydalanadi — Tramp debatlarga rozilik berarkan, uning raqibi go‘yoki jumlalarni bir-biriga bog‘lay olmasligini aytgandi.

Biroq, nomzodlarning sog‘ligiga e’tibor qaratilishi Trampga qarshi ishlashi ham mmkin. Respublikachining o‘zi ham oxirgi oylarda muntazam ravishda mitinglarda g‘alati holatga tushdi. Masalan, u bir safar bir necha daqiqa davomida tok zarbasi yoki akula tishlaridan o‘lim tanlovi qarshisida qolgan baliqchi haqida g‘alati monolog o‘qidi (jurnalistlar esa u nimani nazarda tutganini topishga urinib, materiallar yozishiga to‘g‘ri keldi).

Nomzodlardan istalgan birining jiddiy xatosi, noto‘g‘ri qadami yoki diqqatni sezilarli darajada yo‘qotishi saylovchilarda uning boshqaruv qobiliyatiga shubha uyg‘otadi. Ehtimol, Tramp so‘nggi haftalarda aynan shuning uchun o‘z tarafdorlarini Bayden kuchli chiqish qilishiga tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin. Tramp raqibini «munosib debatchi» deb atagan, CNN moderatorlarini oldindan noxolislikda ayblab, amaldagi prezidentga go‘yoki debatlar arafasida holatini yaxshilashi uchun dori berilayotganini aytgan hamda uning test topshirishini talab qila boshlagan.

Mavzuga oid