Jamiyat | 22:02 / 27.06.2024
7553
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'ning 4 nafar jurnalisti eng yaxshilar qatorida taqdirlandi

AOKA va Jurnalistlar uyushmasi e’lon qilgan “Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng yaxshi material” tanlovida Kun.uz muxbirlari Zuhra Abduhalimova, Shokir Sharipov, Madina Ochilova va Normuhammadali Abdurahmonov sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Foto: Kun.uz

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi “Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng yaxshi material” tanlovining g‘olib va sovrindorlarini e’lon qildi.

Prezident qaroriga asosan tashkil etilgan tanlov yuzasidan joriy yilning 1-choragida OAV xodimlari va mualliflar taqdim etgan 435 ta maqola, sharh, jurnalistik surishtiruv, intervyu, video-, audio-, fotomateriallar tanlovmedia.uz platformasiga joylashtirilgan.

Jamoatchilik ovozi va hakamlar hay’atining baholashlari natijasida 4 ta yo‘nalishda (telekanallar, radiokanallar, veb-saytlar, gazeta va jurnallar) g‘oliblar aniqlandi.

“Veb-saytlarda e’lon qilingan materiallar” yo‘nalishida Kun.uz muxbirlari Zuhra Abduhalimova va Shokir Sharipov mos ravishda 2– va 3-o‘rinlarni egallashdi. Bu yo‘nalishda 1-o‘ringa Oyina.uz sayti bosh muharriri Inobat Ahatova munosib deb topildi.

Zuhra Abduhalimova
Shokir Sharipov

Bundan tashqari, Kun.uz muxbirlari Madina Ochilova va Normuhammadali Abdurahmonov rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

Madina Ochilova
Normuhammadali Abdurahmonov

Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar quyidagicha miqdorlarda: 1-o‘ringa 50 BHM (17 mln so‘m), 2-o‘ringa 40 BHM (13,6 mln so‘m), 3-o‘ringa 30 BHM (10,2 mln so‘m) mablag‘ bilan taqdirlandi.

Rag‘batlantiruvchi o‘rinlar egalari esa 10 BHM (3,4 mln so‘m) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Mukofotlarni 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kunida AOKA bosh direktori Asadjon Xo‘jayev topshirdi.

Shuningdek, kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni asosida, kasb bayrami munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhi mukofotlangan, xususan Kun.uz bosh muharriri Dilshod Abduqodirov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.

Mavzuga oid