Jahon | 13:00 / 27.06.2024
6505
10 daqiqa o‘qiladi

Livanni qo‘llagan Erdo‘g‘an, NATOning yangi bosh kotibi va samosudga chorlagan Ramzan Qodirov - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azo sektorida BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish Yaqin Sharq agentligi maktablaridan biriga bergan zarbasi natijasida 11 kishi halok bo‘ldi.

Mazkur maktab G‘azo sektorining g‘arbiy qismida «Ash-Shati» qochiqinlar lagerida joylashgan edi.

Urushning 264-kuniga kelib Isroil agressiyasi qurbonlari soni 37 ming 718 kishiga yetdi. Yaradorlar 86 ming 377 kishini tashkil etmoqda.

Birgina o‘tgan sutka davomida Isroil hujumlaridan 60 nafar falastinlik halok bo‘lgan yana 140 kishi yaralangan, deyiladi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi hisobotida.

Ayni paytda vayronaga aylantirilgan binolar va yo‘llarning chetlarida o‘ldirilganlarning jasadlari teginilmasdan turibdi. Tez yordam brigadalari va fuqarolik mudofaasi kuchlari Isroil kuchlari tomonidan yaratilayotgan to‘siqlar tufayli ularning oldiga bora olishmayapti.

Erdo‘g‘an Livanni qo‘llamoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Lavanga bostirib kirish borasidagi rejalariga izoh berdi.

«Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Livan hududiga harbiy yo‘l bilan bostirib kirish borasidagi rejalari butun mintaqada keng ko‘lamli halokat keltirib chiqarishi mumkin», — degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yig‘ilishida qilgan chiqishida.

«Aftidan, Isroil G‘azo sektorining kulini ko‘kka sovurib, endi Livanga ko‘z tikkanga o‘xshayapti. Netanyahuning urushni butun mintaqaga yoyish rejalari katta halokatga sabab bo‘ladi», — degan Turkiya yetakchisi.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, islom olami va Yaqin Sharq mamlakatlari bu «qonli reja»ga birinchi bo‘lib reaksiya bildirishlari kerak.

«Turkiya birodar Livan xalqi va davlatini qo‘llab-quvvatlaydi. Men boshqa davlatlarni ham Livan bilan birdamlik ko‘rsatishga chaqirib qolaman», — degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti G‘azodagi jinoyatkorona xatti-harakatlari fonida Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb davlatlarini ham keskin tanqid ostiga olgan.

«Biz G‘arb davlatlari parda ortida turib, Isroilga zimdan yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘rib-bilib turibmiz. Erkinlik, inson huquqlari va adolat haqida tinmasdan takrorlaydigan davlatlar Netanyahu singari ruhiy nosog‘lom insonning asiriga aylanganini ko‘rish favqulodd og‘ir va taassuflidir», — degan Erdo‘g‘an.

Husiychilarning jahon savdosiga ta’siri

Qizil dengizdagi otishmalar sabab Singapurda yuk kemalari va konteynerlar to‘planib qoldi, deb yozadi Reuters. Singapurda joylashgan dunyodagi eng yirik bandargohda yuk kemalari bir necha kunlab yuklar tushirilishi va o‘rniga boshqa yuklar ortilishini kutib qolmoqda.

Bunga Qizil dengizda yamanlik husiychilar tomonidan kemalarning o‘qqa tutilishi va tovarlarni yetkazib berish zanjirini ishdan chiqargani sabab bo‘lmoqda.

Qizil dengizdagi muntazam hujumlardan so‘ng kema tashuv xizmati operatorlari Afrika qit’asini aylanib uzoqroq yo‘nalishni tanlashga majbur bo‘lishmoqda. O‘z o‘zidan, bu qatnovlar sonining kamayishiga olib kelgan, kemalar esa shundoq ham uzaygan reyslarni yanada uzaytirmaslik uchun portlarga kamroq kiradigan bo‘lishgan.

Singapur esa yuklarni tashish yo‘nalishidagi asosiy oraliq portga aylanib qolgan: bu yerga yuklar va konteynerlar bir kemalarda keltiriladi va yakuniy manzilga jo‘natish uchun boshqa kemalarga ortiladi.

May oyi so‘ngida Singapur dengiz va port boshqarmasi konteyner tashuvchi kemalarning o‘rtacha kutish vaqti ikki-uch kunni tashkil etayotganini xabar bergan edi. Biroq Linerlytica va PortCast ushlanish bir haftagacha davom etayotganini ta’kidlamoqda. Oddiy sharoitlarda to‘xtalish bir sutkadan oshmagan.

Ukrainada ingliz tili maqomi

Endilikda Ukrainadagi bolalar bog‘chalarida ingliz tili majburiy o‘qitiladi. Zelenskiy bu boradagi qonunni imzoladi.

Bu qonunda ingliz tili Ukrainada xalqaro muloqot tili sifatida rasmiy statusga ega bo‘ldi. Ingliz tili Ukraina armiyasi va Milliy gvardiyasida xalqaro muloqot tili sifatida foydalaniladi.

Hujjatda hukumat ingliz tilini majburiy o‘qitishni ta’minlashi va boshqa tillarni o‘qitish uchun ham ta’lim muassasalariga kerakli sharoitlarni yaratib berishi belgilangan. Qonunga ko‘ra, endilikda Ukrainadagi bolalar bog‘chalaridagi maktabga tayyorlov guruhlarida ingliz tili majburiy tarzda o‘rgatiladi.

NATOga yangi bosh kotib tayinlandi

Niderlandiyaning bosh vaziri Mark Ryutte NATOning yangi bosh kotibi bo‘ladi. 26 iyun, chorshanba kuni Shimoliy Atlantika alyansi barcha a’zo davlatlarning roziligi olinganidan so‘ng Ryutteni rasman yangi rahbar etib tayinladi.

Ryutte 1 oktyabrdan o‘z lavozimini egallaydi.

10 yillik boshqaruvdan keyin tashkilotni tark etayotgan Stoltenberg ittifoqchilarning qarorini olqishladi va «NATOni ishonchli qo‘llarga topshirib qoldirishini» aytdi.

O‘z navbatida, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen YeI va NATO hamkorligini yanada mustahkamlash uchun Mark Ryutte bilan yaqindan ishlashini ma’lum qildi.

Mark Ryutte Shimoliy Atlantika alyansini 75 yillik tarixida boshqargan to‘rtinchi niderland bo‘ladi va iyul oyi boshida Vashingtondagi yubiley sammitida o‘zining yangi lavozimida taqdim etiladi. Hozirda u Niderlandiya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi va mamlakatning yangi hukumati qasamyod qilgandan so‘ng yaqin haftalarda o‘z lavozimini tark etadi.

Zo‘ravon vazir: hukm o‘zgarishsiz qoldi

26 iyun kuni Ostona apellyatsiya sudi Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayevga nisbatan birinchi instansiya sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Bishimbayev xotini Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 13 may kuni 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, shundan keyin hukm ustidan shikoyat bergan edi. Uning advokati endilikda Oliy sudga shikoyat kiritilishini bildirdi.

Apellyatsiya sudi sobiq vazirdan tashqari, uning qarindoshi Baxitjan Bayjanovga berilgan jazoni ham o‘zgarishsiz qoldirdi. Bayjanov o‘ta og‘ir jinoyatni yashirishda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

2016 yil may–dekabr oylarida Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligini boshqargan Quvondiq Bishimbayev Ostonadagi «Gastrosentr» majmuasida xotinini kaltaklab o‘ldirganlikda gumonlanib 2023 yil noyabrda hibsga olingan edi. Oradan 2 kun o‘tib, «Gastrosentr» direktori Baxitjan Bayjanov ham qamoqqa olingan.

Bu jinoyat Qozog‘istonda katta rezonansga sabab bo‘ldi va uning fonida mamlakatda oiladagi zo‘ravonlikka qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha yangi qonun qabul qilindi.

Ramzondan konstitutsiyaga zid chorlov

Dog‘istonda politsiyachilarga hujum uyushtirilganidan so‘ng Checheniston rahbari Ramzon Qodirov o‘z nazorati ostidagi kuchishlatar tizimlardan terrorizm va diniy ekstremizmning oldini olish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishni talab qildi.

Ramzon Qodirov huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat tuzilmalari xodimlarining hayotiga qilingan har qanday tajovuzga «shafqatsizlik bilan barham berish»ni, bunday holatlarda «nafaqat jinoyat ijrochilari, ularga bilvosita yordam berganlar ham» jazoga tortilishini va’da berdi.

Yig‘ilish videosida Qodirov politsiyachilarga hujum uchun jinoyatchilarning qarindoshlari ham javob berishiga to‘g‘ri keladi, deb ochiq aytgan.

«Agar [gumondor] shaytonlar bilan aloqada bo‘lsa — uning butun urug‘ini jazolash kerak. Bu urug‘ to‘liq javobgarlikka tortilishini bilishi kerak… Kimki birodarimizga (ya’ni, politsiyachiga) tajovuz qilsa, qonga qon qasos olib, uning barcha qarindoshlari, otasi, aka-ukasi va amakilarini o‘ldiramiz», — degan Qodirov.

Qodirov Checheniston aholisini ham bolalari nimalar bilan mashg‘ulligini bilishi kerakligidan ogohlantirgan va qarindoshlar orasida vahhobiylar chiqsa darhol uchastka noziriga xabar berishi lozimligini uqtirgan.

«Yaxshisi, biz uni o‘z vaqtida to‘xtatib qolamiz, keyinchalik seni, o‘g‘lingni, akangni o‘ldirgandan ko‘ra», — deya murojaat qilgan Ramzon Qodirov chechenistonliklarga qarata.

Qodirov Chechenistonda jinoyatga daxldor bo‘lganlarning qarindoshlarini o‘ldirishga birinchi marta chorlayotgani yo‘q. U bunday yondashuvni mahalliy urf-odatlar bilan tushuntirgan va «qonga-qon qasos»ni ular jumlasiga kiritgan.

«Qonga-qon qasos» Rossiya konstitutsiyasiga zid. Unga ko‘ra, har bir inson yashash huquqiga ega va hech bir inson sud qarorisiz jazolanmasligi kerak. «Qonga-qon qasos» motivi bo‘yicha qotillik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid