O‘zbekiston | 20:52 / 27.06.2024
15413
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda AES qurish bo‘yicha imzolangan shartnoma kuchga kirdi

“Rosatom” delegatsiyasining Jizzaxga tashrifi doirasida 6 blokli kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha shartnomaning kuchga kirish tartibi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Qurilish ishlari bo‘yicha shtab tashkil etilib, zarur infratuzilma va quruvchilar shaharchasini barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zatom matbuot xizmati

26 iyun kuni “O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi muhandislik bo‘limi rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) maydonida qurilish bo‘yicha birinchi shtab tashkil etildi, deya xabar bermoqda “O‘zatom” agentligi.

Ma’lum qilinishicha, qurilajak 6 blokli AES uchun kuz oylarida infratuzilma obektlari yaratilishi reja qilingan. Tomonlar shtab maydonida belgilangan vaqtda qurilish ishlarini boshlash, barcha infratuzilma bilan ta’minlangan quruvchilar shaharchasini barpo etish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, “O‘zatom” agentligi rahbari ishtirokida AES qurilishi bo‘yicha shartnomaning kuchga kirish tartibi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.  Bayonnomani “O‘zatom” agentligi AES qurilish direksiyasi direktori Otabek Omonov va “Atomstroeksport” AJning Markaziy Osiyoda AES qurilishi loyihasi direktori Pavel Bezrukov imzoladi.

Rossiya delegatsiyasining qurilish maydoniga tashrifi doirasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev bilan ham uchrashuv tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida, “O‘zatom”ning AES qurilish direksiyasi va “Rosatom”ning “Atomstroyeksport” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan edi.

Putinning ushbu tashrifi doirasida, shuningdek, O‘zbekistonda AES qurish borasidagi hamkorlik to‘g‘risida 2018 yil 7 sentabrda imzolangan hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqida bayonnoma ham tasdiqlangan edi.

“O‘zatom” agentligi kam quvvatli AES qurilishi ishlari shu yil yozdayoq boshlanishi, ilk reaktor 5 yildan keyin ishga tushirilishini ma’lum qilgan. Loyihaning qiymati va moliyalashtirish manbalari ma’lum emas.

Stansiya Jizzax viloyatining Forish tumanida, Tuzkon ko‘li yaqinida – avvalroq katta AESni joylashtirish ko‘zda tutilgan joyda quriladi.

Mavzuga oid