Jahon | 14:26 / 28.06.2024
7350
11 daqiqa o‘qiladi

Ocharchilik iskanjasidagi G‘azo, Ukrainani qabul qilishga shoshmayotgan NATO va Putinga qarshi tribunal taklifi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Chegarada insonparvarlik yuklari ortilgan minglab yuk mashinalari fursat poylab turar ekan, G‘azoning ichkasida ocharchilik xavfi ortib bormoqda. G‘azoda ocharchilik xavfi ortib bormoqda. 8000 nafardan ortiq 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan qiynalishmoqda», — degan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Uning qayd etishicha, G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazish masalasida aytarli siljishga erishilmasdan kelmoqda.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi 10 mingdan ortiq inson tibbiyot evakautsiyasiga muhtoj.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreisusning ma’lum qilishicha, xalqaro tashkilot va uning hamkorlari onkologik kasallarga yo‘liqqan 4 bola va ikkinchi darajali kuyishga ega bir bolani G‘azodagi Al-Ahliy shifoxonasidan Nosir tibbiyot markaziga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan.

Gebreisusning qayd etishicha, ayni paytda 10 mingdan ziyod bemorlar tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun G‘azodan evakuatsiyani kutib turibdi: «Biz Al-Ahliy va As-Sahoba shifoxonalariga tibbiy ehtiyojlarni qoplash uchun dori-darmonlar va 19 ming litr mazut yetkazdik. Falastinlik vrachlar rotatsiyasini amalga oshirishga yordam berdik.

«Biz tibbiyot evakuatsiyasini amalga oshirishni davom ettirishni va zaruriyat tug‘ilganda barcha imkonli yo‘nalishlar bo‘yicha ularning huzuriga yetib borishni ta’minlashni talab qilamiz», — degan Gebreisus.

Urushning 265-kuniga kelib, G‘azoda o‘ldirilgan falastinliklar soni 37 ming 765 nafarga yetdi. So‘nggi sutka ichida Isroil tomoni 3 ta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 47 kishining o‘limiga va 52 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lgan.

Ukrainaga harbiy yordam

AQSh, Isroil va Ukraina Kiyevga Isroildan 8 ta Patriot komplekslarini keltirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deb yozadi Financial Times o‘z manbalariga tayanib.

Gazetaning qayd etishicha, garchi kelishuv yakuniy rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, unga ko‘ra zenit raketa tizimlarini avval AQShga, u yerdan Ukrainaga jo‘natish nazarda tutilgan.

Aprel oyida Isroil ishlatilishiga 30 yildan o‘tgan 8 ta Patriot batareyalarini jangovar xizmatdan olib, ularning o‘rniga yangi va takomillashgan tizimlarni keltirish niyatini oshkor qilgan edi.

«Agar bunday kelishuv amalga oshsa, bu Ukraina mudofaa qobiliyatini jiddiy tarzda yaxshi tomonga o‘zgartiradi. Ayni paytda Ukrainada AQSh va Germaniya tomonidan taqdim etilgan kamida to‘rtta Patriot tizimi bor», — deb yozadi gazeta.

Bu vaqtga kelib, Ukraina «Chexiya tashabbusi» doirasida 50 mingta o‘q-dorilarni olib bo‘lgan. Bu Germaniya tomonidan moliyalashtirilgan 180 ming snaryadlarning bir qismidir.

Hozircha 500 ming snaryadlarni yetkazib berish to‘liq moliyalashtirib bo‘lingan. Yil oxirigacha ularning barchasi Ukrainaga yetkaziladi.

Nashrning qayd etishicha, Ukrainaga million snaryad yetkazish bo‘yicha «Chexiya tashabbusi»ni 18 davlat qo‘llab quvvatlagan. Ayrim davlatlar yordamni anonim tarzda ko‘rsatishmoqda.

Snaryadlar yetkazilishi barobarida avval Rossiyaning har 7 ta zarbasiga 1 ta javob qaytara olayotgan Ukraina, endi uchta zarbaga bitta bilan javob bera olish darajasiga chiqqan.

Ukrainaning NATOga a’zolik istiqbollari

AQSh va NATO Ukrainani alyansga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor emas, shu sababli buning o‘rniga muqobil variant taklif etadi, deb yozadi The New York Times.

Kiyevga Germaniyaning Visbaden shahrida koordinatsion missiya yaratish shu orqali ittifoqchilarning harbiy ko‘mak taqdim etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirish taklif etiladi.

NATO va Rossiya urush holatida ekanligi to‘g‘risidagi shamalardan qochishga urinayotgan Germaniyaning talabiga ko‘ra, «missiya» terminidan rasman foydalanilmaydi. Yangi tuzilma Ukraina harbiylarini tayyorlashni muvofiqlashtirish va harbiy ko‘makni optimallashtirish bilan shug‘ullanadi. Uni amerikalik ofitser boshqaradi, biroq missiya NATO shafeligi ostida tuzilgani bois Tramp Oq uyga qaytgan taqdirda ham uning ishiga zarar yetmaydi.

Bu taklif 9-11 iyul kunlari Vashingtonda o‘tadigan NATO sammiti silliqroq o‘tishini ta’minlashi kutilmoqda. Bir yil avval Vilnyusda o‘tgan sammitda Zelenskiy alyansga a’zolik bo‘yicha aniq grafik yo‘qligidan noroziligini bildirgan edi. Buni boshlashga Rossiya bilan urush va Ukrainada islohotlar o‘tkazish zaruriyati xalaqit bermoqda. Bu Kiyev va Moskvaga ittifoqchilarning qo‘llovi susaymasligi haqida kuchli signal bo‘lishi ham kerak.

Bu orada NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainada yirik siljishlarini kutmayotganini aytib o‘tgan.

«Ruslar shu yilning boshida va yozda yana oldinga siljishga urinib ko‘rishdi, ammo arzimas natijalarga erishishdi. Biz Rossiya yirik siljishlarga erishishi mumkinligi borasida hech qanday asoslarni ko‘rmayapmiz», — degan Stoltenberg.

U shuningdek, Moskva havodan hujum uyushtirish bilan Ukrainaga bosimni kuchaytirish bo‘yicha harakatlarini davom ettirishini kutayotganini aytdi. Biroq, Stoltenbergga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari nafaqat frontni ushlab tura oladi, mudofaa janglari va Rossiya ichkarisida nishonlarga zarba berib, agressorga yirik talafot ham yetkaza oladi.

Ukrainaga Yevropadan xavfsizlik kafolatlari

Yevropa Ittifoqi va Ukraina 27 iyun kuni Bryusselda o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi sammitida Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuv imzoladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.

YeI va Ukraina rahbarlari tomonidan imzolangan kelishuv xavfsizlik va mudofaa siyosatining to‘qqiz jabhasi, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish, harbiy tayyorgarlik, mudofaa sanoati bo‘yicha hamkorlik va minalardan tozalash bo‘yicha Yevroittifoq va Kiyevning hamkorligini nazarda tutadi.

Xususan, imzolangan hujjatning bo‘limlaridan birida aytilishicha, YeI uzoq muddatli istiqbolda Ukrainani harbiy texnika bilan ta’minlashi, Ukraina qurolli kuchlari askarlarining harbiy tayyorgarligi, mamlakatda mudofaa islohotlarini o‘tkazish, mudofaa sanoati, kiberxavfsizlik, razvedka ma’lumotlari bilan almashish sohasida hamkorlikni ta’minlaydi.

Kelishuv to‘rt yillik Ukraine Facility dasturi doirasida Ukrainaga 50 mlrd yevro moliyaviy yordam yetkazilishini ham kafolatlaydi. Hujjatda Ukrainaga yordam berish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadlardan foydalanish alohida qayd etilgan.

Putinga qarshi tribunal

Yevropa kengashining Parlament assambleyasi Ukrainaga qarshi agressiya uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin va mamlakat genarallari uchun maxsus tribunal yaratish, Rossiyaga sanksiya bosimlarini kuchaytirish, ukrain madaniy o‘zligini «o‘chirib tashlash» va etnik ozchiliklarni «ruslashtirish»ga bo‘lgan urinishlarga qarshi turish bo‘yicha uchta rezolyutsiyani ma’qullagan.

Bu haqda Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar parlamentlarining vakillaridan iborat maslahat organi rasmiy saytida xabar qilib o‘tilgan.

Yevropa kengashining Parlament assambleyasi o‘zining bu qadamini Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbariyati ustidan sudga erishish uchun «huquqiy asos va siyosiy legitimlik nuqtayi nazaridan eng yaxshi imkonli variant» deb atagan.

Darvoqe, Yevropa Ittifoqi rahbarlik lavozimlarida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.

Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antonio Koshtaning nomzodi Sharl Mishel o‘rniga Yevropa Kengashi raisi lavozimiga ko‘rsatilgan.

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas esa Jozep Borrel o‘rniga Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbarligiga ko‘rsatilgan.

Ursula fon der Lyayyen esa Yevropa Komissiyasi lavozimida ikkinchi muddatga qolishi kutilmoqda.

Endi bo‘lajak liderlar yana bir to‘siqni yengib o‘tishi kerak: yangi Yevropa parlamenti ularning nomzodlarini va yangi Yevropa komissarlarini tasdiqlashi kerak

Putin kemalarni himoyalashni talab qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylardan mamlakat harbiy-dengiz floti kemalarini uzoq masofaga uchuvchi raketalar hujumidan himoyalashni talab qildi.

«Flotimizni, olis dengizdagi harbiy-dengiz bazalarimizni ham ehtimoliy hujumlardan himoyalash kerak», — degan u kemasozlik bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda. Rossiya prezidenti bu uchun sohaga xatarlarni, xususan, dron xavfini masofadan aniqlaydigan tizimni tezroq joriy qilish kerakligini aytdi.

Putin Rossiya Mudofaa vazirligidan harbiy-dengiz flotini uzoq yillik rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha hisobot taqdim etishni talab qildi.

Ma’lumot uchun: may oyida Ukraina Qurolli kuchlari Sevastopolga uchta AQShda ishlab chiqarilgan ATACMS uzoq masofaga uchuvchi raketasi bilan hujum qilishdi. Bu hujum natijasida Qora dengiz flotiga tegishli «Tsiklon» raketa kemasi yo‘q qilingan. Bu Qrimdagi «Kalibr» raketasini olib yuruvchi oxirgi rus kemasi edi.

Hozirda flotdagi ko‘plab kemalar Ukrainaning ehtimoliy hujumlari sabab uzoqroqqa olib ketilgan. Urush boshidan buyon Ukraina ruslarning 20 tadan ortiq raketa kemalarini yo‘q qilgan. Xususan, ular orasida eng yirigi bo‘lgan «Moskva» kreyserini ham. Ukrainaga bosqinga qadar Qora dengizdagi Rossiya flotida 70 tadan ortiq raketa kemalari bo‘lgan. 

Mavzuga oid