O‘zbekiston | 12:15 / 28.06.2024
2728
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iste’molchilarning ishonch indeksi sezilarli pasaydi

Freedom Finance tadqiqotiga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonda iste’molchilarning ishonch indeksi 3,4 punktga pasayib, minimal darajani qayd etgan. Tahlilchilar iste’molchilar ishonchining pasayishiga inflatsiya keskin tezlashishi sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Freedom Finance tadqiqoti may oyida iste’molchilarning ishonch indeksi rekord darajada minimumga tushganini ko‘rsatdi. Bu haqda Spot nashri xabar berdi.

May oyida ishonch indeksi 3,4 punktga pasayib, 126,8 punktni tashkil etdi. Pasayish barcha besh subindeksda qayd etildi va bu oxirgi yillarda iqtisodiy dinamika masalasida rekord darajadagi pasayish bo‘ldi.

Iqtisodiyotdagi vaziyatning o‘zgarishini baholash 117,5 ballga (-7,8) pasaydi. Agar mart oyida o‘zbekistonliklarning 58 foizi so‘nggi 12 oyda iqtisodiy vaziyat yaxshilanganini qayd etgan bo‘lsa, aprel oyida bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 53,5 foizni, may oyida esa 48 foizni tashkil etgan.

Toshkent shahrida yashovchi respondentlarning faqat uchdan bir qismi iqtisodiy dinamikani ijobiy baholagan. Namangan viloyatida ijobiy javoblar ulushi 58,3 foizdan 46,1 foizga kamaygan bo‘lsa, yana beshta viloyatda 7-9 foizga pasaydi.

Fuqarolarning shaxsiy moliyaviy ahvolidagi o‘zgarishlar subindeksi ham 128,4 punktga (-2,9) kamaydi. Respondentlarning 56,9 foizi iqtisodiy ahvoli yaxshilanganini qayd etdi (bir oy oldin 57,6 foiz edi);

Inflatsiya darajasi o‘sib boryapti. Yil davomida narxlar sezilarli o‘sgan – 48,5 foiz. Bu o‘tgan yil oktyabr oyida qayd etilgan rekordni yangiladi. Oylik hisobda inflatsiya 27,7 foizga yetdi.

Uy-joy kommunal xizmatlari tariflari oshganini qayd etgan fuqarolar ulushi ikki oy davomida 21,4 foizdan 44,1 foizga oshdi. Keyingi o‘rinlarda narxlari eng ko‘p oshgan mahsulotlar - go‘sht va parranda (45,6 foiz) hamda 3-o‘rinda dori vositalari (29,5 foiz) qayd etildi.

Respondentlarning atigi 13,2 foizi kelgusi oyda inflatsiya tezlashishini va yil davomida 28 foizni tashkil etishini kutmoqda.

63,4 foiz respondent so‘mning yil davomida dollarga nisbatan kuchli qadrsizlanishini kutyapti.

Freedom Finance tahlilchilariga ko‘ra, iste’molchilar ishonchining pasayishiga O‘zbekistonda qabul qilingan ma’muriy qarorlar tufayli inflatsiyaning keskin tezlashishi sabab bo‘lgan.

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, may oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 14 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri (17,4 foiz) va Andijon viloyatida (16,2 foiz), eng past darajasi esa Qoraqalpog‘istonda (10,2 foiz) va Xorazm viloyatida (11 foiz) sezilgan.

Avvalroq, may oyida iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 10,6 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. Mayda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 3,4 foiz bo‘lgan.

Mavzuga oid