O‘zbekiston | 09:44 / 29.06.2024
16705
2 daqiqa o‘qiladi

Haj vaqtida 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani aytilyapti 

Saudiya Arabistonida 2024 yilgi Haj mavsumida 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan bo‘lishi mumkin. Avvalroq Saudiya tomoni vafot etganlarning umumiy soni 1300 dan oshganini bildirgandi.

Foto: AFP

Bir necha kun oldin Saudiya Arabistoni rasmiylari 2024 yilgi Haj mavsumida 1300 dan ortiq odam vafot etganini bildirdi. Gazeta.uz o‘z manbasiga tayanib, ziyorat chog‘ida 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vafot etganini ma’lum qildi.

Hozircha ular aynan qanday sabab bilan vafot etgani aniq emasligi aytiladi.

Kun.uz aniqroq ma’lumot olish maqsadida Musulmonlar idorasi bilan bog‘landi. U yerda idora hojilarning to‘liq vatanga qaytgunicha bu borada aniq ma’lumot bera olmasligi aytildi.

17 iyun kuni Makkadagi Masjid al-Haram masjidida havo harorati soyada 51,8 darajani tashkil qildi, deb xabar berdi Saudiya telekanali. 2700 dan ortiq ziyoratchilarga kuchli issiqlik oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Bu yilgi Haj ziyorati 14 iyun kuni boshlanib, 19 iyun oqshomida tugadi. Saudiya Arabistoni Statistika departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, hajda 1,8 million ziyoratchi ishtirok etdi.

Oxirgi 30 yil ichida Haj vaqtida yuzlab odamlar tiqilinchlar, chodirlardagi yong‘inlar va boshqa baxtsiz hodisalar tufayli halok bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondan jami 15 130 nafar ziyoratchi Haj ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan. 

Mavzuga oid