Jahon | 13:30 / 29.06.2024
9459
8 daqiqa o‘qiladi

HAMASni qo‘llaganlarga yevrosanksiya, Livanga hujum xavotirlari va Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Yevropa Ittifoqi HAMASga qarshi iqtisodiy kurashni davom ettirmoqda. Yevropa Ittifoqi juma kuni olti nafar jismoniy va uchta yuridik shaxslarga nisbatan HAMAS va «Islom jihodi» guruhlarini moliyalashtirgani uchun sanksiyalar joriy etdi. Shunday qilib Yevroittifoq guruh bilan bog‘liq 12 nafar jismoniy shaxsni qora ro‘yxatga qo‘shgan.

Sudanlik moliyachi Hamza Abdulbositga tegishli, falastin qurollangan guruhiga mablag‘ jo‘natishda gumonlanayotgan uchta kompaniya cheklov ostiga tushgan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining oliy martabali mansabdor shaxsi, Tehron va Livandagi falastinparast guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni ta’minlab turuvchi Ali Murshida Sheroziyga nisbatan ham sanksiya e’lon qilgan.

Bu orada Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olish uchun order berishni nega kechiktirgani oydinlashdi. Order haqidagi qaror kechiktirilishiga sabab — 10 iyun kuni Buyuk Britaniya Isroil Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasiga kirishidan shubhalanib ariza bergan.

Isroilning Livanga hujumi

Amerikalik mulozimlari Isroilning «Hizbulloh» ustiga yurish qilishi urushga Rossiyaning ham tortib ketishi mumkinligidan xavotirda.

AQSh mudofaa va razvedka idorasi vakillari Isroilning Livanga bostirib kirishi Eronning ittifoqchilarini yanada junbishga keltirishi, Tehronning Rossiya bilan hamkorligini yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Sobiq va amaldagi amerikalik chinovniklarning Middle East Eye nashrida yoritgan xavotirlariga ko‘ra, «Hizbulloh»ga qarshi yerusti operatsiyasi «ikkilamchi» va «uchlamchi» oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi, Amerika razvedka ma’lumotlari esa bu holda Rossiya Eron boshqarayotgan «qarshilik o‘qi»ni kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bayon etgan.

Rossiya prezidenti Putin Yamandagi husiychilarga kemalarga qarshi ballistik qanotli raketalar berish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda. Bunday faraz uchun yangilik emas. Noyabr oyida The Wall Street Journal nashri Vagner harbiylashgan kampaniyasi Livanning «Hizbulloh» harakatiga Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimini berishni rejalashtirayotganini yozgan edi.

Agar Isroil Livanga hujum qilsa bu Eron va Rossiya munosabatlarining yanada chuqurlashishiga sabab bo‘ladi, — degan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining Yaqin sharq bo‘yicha sobiq bosh tahlilchisi Uilyam Asher.

Rossiyada soxta shoir mashhur bo‘ldi

Rossiyadagi urushga qarshi aktivistlar «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘iga o‘ylab topilgan «Z-shoir» Gennadiy Rakitin nomidan nemis natsistlarining vatanparvarlik ruhidagi she’rlarini tarjima qilib joylab borishgan.

«Rakitin» profili mavjud bo‘lib turgan bir yil davomida unga Kaluga professional adabiyotchilari tomonidan o‘tkazilgan Tvardovskiy nomidagi Butunrossiya vatanparvarlik she’riyati tanlovi faxriy yorlig‘i topshirilgan. Akkauntni esa ko‘plab taniqli insonlar, jumladan, Z-blogerlar hamda o‘nlab deputatlar va senatorlar do‘stlari safiga qo‘shishgan. Rakitinning «ijodi» namunalarini Z-pabliklardan tashqari Nikita Mixalkov va «Moskva» jurnali ham e’lon qilgan.

Surishtiruvchi jurnalist Andrey Zaxarovning hikoya qilishicha, Gennadiy Rakitinning akkauntini uning urushga qarshi kayfiyatdagi tanishlari yaratishgan. Profil uchun fotosurat neyrotarmoq tomonidan yaratilgan.

Bir yil davomida Rakitinning sahifasida natsist mualliflarning rus tiliga tarjima qilingan 18 ta she’ri e’lon qilingan. Asarlarning mazmuni deyarli o‘zgarmagan, shunchaki, Germaniya Rossiyaga aylantirilgan «nomsiz shturmchi» «Vagner» XHKning nomsiz jangchisi deyilgan. Vladimir Putinga bag‘ishlangan «Lider» she’ri NSDAP a’zosi, natsist va antisemit Eberhard Mellerning «Fyurer» she’rining tarjimasi bo‘lib chiqdi. Rossiya prezidentiga bag‘ishlangan «Portret oldida» she’ri esa «Shturm otryadlari Homeri» asarining tarjimasi bo‘lgan. Uning muallifi — shturmchi va NSDAP a’zosi Herbert Menseldir. She’rning originali Adolf Hitlarga bag‘ishlangan.

Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari

Rossiyaning Ukrainada ikki yillik urushdagi yo‘qotishlari hisoblab chiqildi. «Vajnyye istorii» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush paytida 70 mingdan ortiq rossiyalik halok bo‘lgan. Urushning ikkinchi yilida o‘ldirilgan rus erkaklari soni deyarli ikki baravar ko‘paydi.

2023 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida kamida 45 ming rossiyalik halok bo‘lgan, bu avvalgi yildan ikki baravar ko‘p, deb yozadi nashr. Demograflar berilgan ma’lumotlar urushda halok bo‘lganlarning minimal ehtimoliy soni ekanligini taxmin qilishdi.

Nashrning qayd etishicha, bedarak yo‘qolganlar ham rasmiy statistikaga kiritilmagan.

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush paytida Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Jurnalistlar 2024 yil apreliga qadar ochiq manbalardan 50 mingdan ortiq halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar ismlarini aniqlashgan. Xuddi shu oyda Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaning ushbu urushdagi ehtimoliy yo‘qotishlarini 450 ming kishiga baholadi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Berns yanvar oyida 315 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqida gapirdi.

Ukraina qurolli kuchlarining bu vaqt ichidagi yo‘qotishlari haqida ham rasmiy ma’lumotlar yo‘q. 2024 yil fevralida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 31 ming ukrainalik askar halok bo‘lganini ilk bor e’lon qilgan edi.

Bayden debatda yutqazdi

Tramp bilan yangi saylov oldidan ilk ochiq teledebatga chiqqan AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden tomoshabin va tahlilchilarning fikricha katta farq bilan yutqazgan. Endi demokratlar sarosimaga tushib qolib, boshqa nomzod topishi ham mumkin.

Trampning shtabidagilar birinchi debatdan ochiqchasiga xavfsirayotgandi. Uning safdoshlari oldindan CNN moderatorlarini tarafkashlikda ayblashgan. Bayden chiqish qilishidan oldin jismoniy holatini yaxshilash uchun qandaydir dori-darmon qabul qilganini aytishgan.

Ammo ilk daqiqalardanoq bu xavotirlar o‘rinsiz bo‘lgani oydinlashdi. Bayden sahnaga chiqishda yana o‘ng‘aysiz ahvolda qoldi, moderatorlar bilan uning mikrofoni yoqilishidan oldinroq noqulay tarzda salomlashdi, keyin esa savollarga juda past va bo‘g‘iq ovozda javob bera boshladi va muntazam ravishda to‘xtalishlar qildi. Prezident bir necha marta duduqlandi, dovdiradi va o‘z fikrlarini aniq jamlay olmadi.

Bayden so‘nggi oylardagidan ancha yomonroq holatda ko‘rindi. Uning atrofidagilar jurnalistlarga prezident debat arafasida shamollab qolganini aytishgan.

Ammo Bayden bunday chiqishi bilan 81 yoshli demokrat mamlakat prezidenti bo‘lish uchun juda qarilik qiladi deb hisoblovchi ko‘plab saylovchilarning xavotirlarini faqat mustahkamladi.

Yana bir ajablanarli holat shu bo‘ldiki, bir yarim soatlik debat davomida Tramp faqat bir marta, uning navbatdagi mujmal gaplariga javob berish asnosida Baydenning holatiga munosabat bildirdi: «Bu jumla oxirida u nima deganini tushunmadim. Uning o‘zi ham tushunmagan bo‘lsa kerak!» 

Mavzuga oid