O‘zbekiston | 11:59 / 29.06.2024
5761
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosi iflosligi bo‘yicha dunyoda 4-o‘ringa chiqdi

29 iyun kuni 05:00 da Toshkent shahri havosidagi zaharli zarrachalar xalqaro IQAir ko‘rsatkichida 160 mkg/m3’ni tashkil etdi. O‘zgidromet xalqaro stansiyalar ma’lumoti doim ham ularniki bilan mos kelmasligini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 29 iyun kuni Toshkent shahri havosi ifloslanishi bo‘yicha xalqaro miqyosda 4-o‘ringa chiqdi. Havo tarkibidagi zaharli zarrachalar 160 mkg/m3’ni tashkil etgan. Zaharli zarrachalarning asosiy qismi PM2.5 – 68mkg/m3’ni ko‘rsatgan. Bu JSST belgilagan me’yordan qariyb 14 martaga ko‘p.

Kun.uz qo‘shimcha ma’lumot olish uchun O‘zgidromet matbuot xizmati bilan bog‘landi. Nigora Toshxo‘jayeva bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkentda bugun soat 5:00 da onlayn stansiyalar PM 2,5’ning 81,94 mkg/m3 bo‘lganini ko‘rsatgan. Bu Sanepid ruxsat bergan me’yor (35 mkg/m3)dan 2,34 marta oshgan degani.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ifloslantiruvchi moddalar miqdori SanQvaN 0053-23 ruxsat etilgan me’yorlari bilan o‘lchanadi. Unga 2024 yil 27 mayda mayda dispersli zarrachalar PM 2,5 konsentratsiyasi bo‘yicha o‘zgartirish kiritilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida PM 2.5 zarrachalarining ruxsat etilgan me’yori 35 mkg/m3’ni tashkil etadi. Bunga qadar JSST tasdiqlagan me’yor (5 mkg/m3)ga ko‘ra ma’lumot berib kelinar edi.

Shuningdek, Nigora Toshxo‘jayeva xalqaro stansiyalar va O‘zgidromet stansiyalari ko‘rsatkichlari o‘rtasida farq borligini, ular doim ham bir biriga mos kelmasligini ma’lum qildi. U zaharli zarrachalarning me’yordan oshishiga yog‘ingarchilik bo‘lmayotgani va meteosharoitlar ta’sir ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid