O‘zbekiston | 17:20 / 01.07.2024
57652
2 daqiqa o‘qiladi

Iyul oyida kutilayotgan ob-havo to‘g‘risida ma’lumot berildi 

“O‘zgidromet” O‘zbekistonda yozning ikkinchi oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” O‘zbekistonda iyul oyida kuzatilishi kutilayotgan ob-havo ma’lumoti haqida xabar berdi.

Sinoptiklarning progonozlariga ko‘ra, bu yil iyul oyi qulay sharoitlardan boshlanadi. 1-3 iyul kunlari havo harorati +31...+36 daraja atrofida, janubda +38...+40 darajagacha bo‘ladi.

Iyul oyi harorat tartibi bo‘yicha me’yorga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Oyning katta qismida havo harorati +35...+40 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +40...+43 daraja bo‘ladi. Faqat ayrim kunlarda harorat bu qiymatlardan +2...+3 darajaga yuqori bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha +40 daraja va undan yuqori haroratli iyul oyida juda issiq kunlar soni 2 kundan 5 kungachani, shimolda 6-8 kunni, janubda va cho‘l hududlarda 12-15 kunni tashkil etadi. So‘nggi yillarda bunday issiq kunlar sonining ko‘payishi tendensiyasi kuzatilmoqda.

Sinoptiklarning qayd etishicha, harorat rekordlari va ularga yaqin qiymatlar juda kamdan kam hollarda faqat eng issiq iyul oylarida kuzatiladigan alohida holatlardir. Iyul oyida o‘rtacha ko‘p yillik davr uchun hududning katta qismida 1-2 kun, ba’zi joylarda 3-4 kungacha yomg‘ir yog‘ishi kuzatiladi. Odatda, iyul yomg‘irlari mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, juda qisqa bo‘ladi.

Farg‘ona vodiysi va respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir ko‘proq – oyda o‘rtacha 6-9 kungacha yog‘adi. Bu hududlarda iyul oyida ham sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi kuzatiladi.

Mavzuga oid