Iqtisodiyot | 12:37 / 01.07.2024
2894
2 daqiqa o‘qiladi

Iyunda narx-navo 0,2 foizga pasaygani ma’lum qilindi

Iyun oyida iste’mol sektorida mavsumiy deflyatsiya qayd etilib, narxlar 0,2 foizga arzonladi. Pasayish meva va sabzavot narxlarining mavsumiy arzonlashishi bilan bog‘liq. Yillik inflatsiya 10,6 foizni tashkil etmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2024 yilning iyun oyida 0,2 foizlik deflyatsiya qayd etildi. Bu meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining yozgi odatiy pasayishi bilan bog‘liq, deya xabar qildi Statistika agentligi.

Birinchi yarim yillikdagi inflatsiya 5,2 foizni tashkil etmoqda. Yillik inflatsiya – 10,6 foiz.

O‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga arzonlagan, nooziq-ovqat tovarlar 0,8 foizga, pulli xizmatlar 0,9 foizga qimmatlashgan.

Iyunda ta’lim xizmatlari eng yuqori o‘sishni qayd etdi – 2,9 foiz. Bu respublikada bolalarning davlat MMTga qatnashi uchun to‘lov 20 foizga oshirilgani bilan bog‘liq. Xususiy bolalar bog‘chalari xizmatlari ham 2,4 foizga qimmatlagani qayd etilgan. Oliy ta’lim sohasida narxlar barqaror qolgan.

2024 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pastroq inflatsiya ko‘rsatkichi restoran va mehmonxona xizmatlari (4,6 foiz, yillik 11,2 foiz) hamda oziq-ovqat mahsulotlari va spirsiz ichimliklar (0,2 foiz) da kuzatildi.

O‘tgan yilning I yarim yilligidagiga nisbatan yuqoriroq inflatsiya turarjoy xizmatlari, suv, elektr, gaz va yonilg‘i turlari bo‘limida (35,2 foizga 1,9 foiz) kuzatildi.

Oziq ovqat mahsulotlari tarkibida narxlari bir yilda eng yuqori o‘sgan mahsulotlar – donli ekinlar va yorma mahsulotlari (5,5 foiz), go‘sht mahsulotlari (4,8 foiz) baliq va boshqa dengiz mahsulotlari (6 foiz), meva va yong‘oqlar (25,9 foiz), tayyor oziq ovqat mahsulotlari (6,3 foiz), spirsiz ichimliklar (7,5 foiz) bo‘ldi.

Benzin va propan narxlarining pasayishi fonida joriy yilning iyunida metan 1,9 foizga qimmatlashdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning may oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 2,8 foizga oshgandi. Bunda iste’mol narxlari indeksi tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 2 foizga arzonlashgan, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga va aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish narxlari o‘rtacha 15,2 foizga oshgani kuzatilgan.

Mavzuga oid