Jamiyat | 23:31 / 02.07.2024
22703
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda oila qurgan 16 yoshli yigit va 17 yoshli qizning ota-onasiga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi

Voyaga yetmagan qiz va yigitning ota-onalariga nisbatan MJtKning 47-3-moddasiga asosan to‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.

Foto: Kun.uz

Avvalroq Kun.uz’ga 2024 yil 29 iyun kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidan bo‘lgan 16 yoshli yigit va 17 yoshli qizning to‘yi bo‘lib o‘tgani haqida video kelib tushgan va bu haqda saytda xabar berilgandi.

Shundan so‘ng, holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida kuzatuvga olingan va Qorako‘l tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, 2008 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan A.A. (o‘g‘il bola) va 2007 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan R.N. (qiz bola) ikki oilaning o‘zaro kelishuvi asosida nikoh to‘yini o‘tkazgan.

Bugun, 2024 yil 2 iyul kuni voyaga yetmaganlarning ota-onalari N.S. va N.Q. larni MJtKning 47-3 moddasi (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborilgan.

“Oila kodeksining 15-moddasiga asosan, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy, aqliy va ma’naviy uyg‘un ravishda kamol topishi huquqlariga mutlaqo ziddir”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Mavzuga oid