Jahon | 19:55 / 02.07.2024
11515
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda suiqasdga uchragan qozog‘istonlik muxolifatchi jurnalist vafot etdi

Aydos Sadikov «Base» telegram-kanali va shu nomdagi YouTube-kanalda Qozog‘iston hukumatini tanqid qilib kelardi. Unga suiqasd qilishda gumonlanayotganlardan biri qozog‘istonlik sobiq politsiyachi bo‘lgan.

FACEBOOK.COM/SADYKOVANATALYA

Qozog‘istonlik muxolifatchi faol va jurnalist, iyun oyi o‘rtalarida suiqasdga uchragan Aydos Sadikov Kiyevda vafot etdi, bu haqda uning rafiqasi Natalya Sadikova feysbuk orqali ma’lum qilgan.

«Aydos Sadikov Kiyev vaqti bilan soat 03:00 da bizni tark etdi. Mening suyukli turmush o‘rtog‘im, uch farzandimiz otasi, qozoq xalqining buyuk o‘g‘loni. Aydos butun hayotini Qozog‘istonga bag‘ishladi, yollanma qotillar qo‘lidan azobli o‘lim topdi», — deya yozgan ayol.

18 iyun kuni jurnalistga Kiyevning Shevchenkovo rayonida suiqasd uyushtirilgandi, bu vaqtda Sadikov rafiqasi bilan birgalikda mashinada bo‘lishgan. Suiqasdni sodir etishda Qozog‘iston fuqarolari Altay Jakanbayev va Meyram Karatayev gumonlanmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, ulardan ikkinchisi suiqasd kuni Sadikov rafiqasi bilan birga o‘tirgan mashinaga yaqinlashib, ovozpasaytirgich o‘rnatilgan to‘pponchadan uning boshiga qarata o‘q uzgan.

Sadikov o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgandi. U 13 kun davomida jonlantirish bo‘limida qolgan. Uning turmush o‘rtog‘iga ziyon yetmagan.

Ukraina bosh prokuraturasi jurnalistga suiqasdda gumonlanayotgan Qozog‘istonning ikki fuqarosi Kiyevga Polshadan kirib kelganini ma’lum qilgan. Ulardan biri ukrain politsiyasiga taslim bo‘lgan. Ikkinchisi Moldovaga o‘tib ketgan, unga xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Sadikov rafiqasi bilan Kiyevda qochqin maqomida 2014 yildan buyon yashab kelgan. Jurnalistga o‘z vatanida jinoiy ish ochilgan — uning o‘zi bu siyosiy motivga ega bo‘lganini aytgan.

«Base» telegram-kanalida va shu nomdagi YouTube-kanalda (milliondan ortiq obunachisi bor) jurnalist Qozog‘iston hukumati tanqid qilingan materiallar e’lon qilgan, ularda jurnalist mamlakat rasmiylarini «Rossiyaga ishlash»da ayblagan.

U roliklardan birida Qozog‘iston prezidentini «Rossiya josuslari ta’siridagi qo‘g‘irchoq» deb ataydi.

2023 yil kuzida Sadikov va uning rafiqasi Qozog‘istonda nafrat qo‘zg‘atishda ayblanib, qidiruvga berilgandi.

Qozog‘iston bosh prokuraturasi suiqasddan keyin ikkinchi gumonlanuvchi qidirilayotgani haqida xabar bergan — bunday topshiriq mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev tomonidan berilgan.

Sadikovaning yozishicha, gumonlanuvchilardan biri — politsiya xodimi, Qozog‘iston IIV aniqlik kiritishicha, bu shaxs ichki ishlar organlaridan 2019 yil yanvarida bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid