Jamiyat | 08:10 / 03.07.2024
5573
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent ko‘chalarida katta tezlikda harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi 

28 yoshli yigit Bunyodkor shohko‘chasi bo‘ylab o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda Tracker mashinasida 170 km/soat tezlikda harakatlangan.

Foto: IIBB YHXB

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasi bo‘ylab davlat raqam belgisi 01 F 222 FB bo‘lgan Tracker mashinasi haydovchisi yuqori tezlikda harakatlanganligi aks etgan videolar tarqaldi. Haydovchi tezlikni 170 km/soatgacha oshirgan hamda bu orqali o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot xizmati haydovchi aniqlanib, unga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Tracker mashinasi haydovchisi, 1996 yilda tug‘ilgan Farrux ismli fuqaro ekanligi, transport vositasining hujjatlari tekshirilganda mashinaga ruxsatnomasiz qayta jixoz o‘rnatganligi aniqlangan.

Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borilgan. Tracker esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Mavzuga oid