O‘zbekiston | 19:29 / 03.07.2024
5269
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati transport boshqarmasiga qarashli muassasa xodimlariga 6 oydan buyon oylik berilmayapti

Mas’ullar bir oy oldin bergan izohida maoshlar qayta hisob-kitob qilinib, iyun oyi ichida to‘lab berilishini ma’lum qilgan. Ammo hamon maoshdan darak yo‘q. Rasmiy izohdan tushunilishicha, muassasa uchun respublika tashkilotidan mablag‘ ajratilmayapti.

Foto: Xorazm viloyati transport boshqarmasi

Kun.uzʼga Xorazm viloyati transport boshqarmasi Xorazm yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari nomidan bir qancha murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, davlat muassasasining jami 25 nafar xodimi yanvar oyidan beri maoshsiz ishlab kelmoqda.

Mana, 6 oy bo‘ldiki, oylik ololmadik. Bu bo‘yicha bir nechta joyga murojaat qildik. “Iyunda to‘liq hisob-kitob qilamiz” degan javobni oldik. Lekin undan keyin faqat 2 oylik maoshingizni beramiz deb aytishdi.

Iyul oyi ham keldiki, oylik maoshdan darak yo‘q. Boshliqlardan oylik maosh so‘rasak, javob bermaydi”, – deydi murojaat qilgan xodimlardan biri.

Holat yuzasidan Xorazm viloyati transport boshqarmasi 14 iyun kuni rasmiy munosabat bildirgan. Qayd etilishicha, Xorazm Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari haqiqatan ham 6 oylik maoshlarini hanuzgacha olmagan.

Davlat muassasasi prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi tegishli qarori bilan tashkil qilingani, shu yil 25 martdagi yana bir qaror bilan uning funksiya va vazifalariga o‘zgartirishlar kiritilib, tashkiliy tuzilmasi 1 maydan qayta tasdiqlangani ma’lum qilindi.

Bugungi kunda tasdiqlangan shtat jadvaliga asosan Xorazm Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlarining oylik maoshlarini to‘lab berish maqsadida Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda viloyat Moliya boshqarmasi bilan amaliy ishlar olib borilib, barcha hisob-kitoblar Moliya vazirligiga taqdim qilingan.

Joriy yil iyun oyi yakuniga qadar barcha xodimlarga yanvar-may oylaridan bo‘lgan oylik maoshidan qarzdorligi hamda iyun oyi oylik maoshi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi rasmiy izohda.

Transport vazirligi Kun.uz'ga vaziyatdan xabardor ekanini, hozirda muammoni bartaraf etish uchun ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Buning uchun javobgarlik bor

Mehnat kodeksining 244-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash kafolatlanadi.

Kodeksning 253-moddasiga ko‘ra xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.

Kodeksning 333-moddasiga ko‘ra ish beruvchi ish haqini to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.

Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.

Mazkur pulli kompensatsiyani to‘lash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra mansabdor shaxs tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, 3 mln 400 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid