Jahon | 19:10 / 04.07.2024
6275
2 daqiqa o‘qiladi

Zaxar Prilepin Kremlda mukofotlandi

Ushbu propagandachi yozuvchi uchrashuvlardan birida O‘zbekistonni bosib olishni taklif qilgandi.

Foto: Dmitriy Dubinskiy / Abzats

Rossiyalik propagandachi, urush targ‘ibotchisi bo‘lgan yozuvchi Zaxar Prilepin Kremlda o‘tgan marosimda «Jasorat» ordeni bilan taqdirlandi. Rossgvardiya podpolkovnigi bo‘lgan Prilepinning matbuot xizmatiga ko‘ra, marosim 3 iyul kuni o‘tkazilgan.

«Jasorat» ordenidan tashqari Prilepinga Mudofaa vazirligining «Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlagani uchun» medali ham topshirilgan. Propagandachi yozuvchidan tashqari turli siyosatchilar, xususan, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan afrikalik siyosatchilar nomidan gaplashib, uni mazax qilgan prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) ham Kremlda davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, Zaxar Prilepin 2023 yil dekabr oyida o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida migratsiyaga qarshi kurashish uchun sobiq ittifoq davlatlarini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerakligini aytgan, xususan, O‘zbekistonni bosib olib, o‘zbeklarga rus tilini majburiy o‘rgatishni taklif qilgandi.

«Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida bizga nimadir qilishni kim taqiqlaydi? Hech kim», degandi o‘shanda Prilepin. Urush targ‘ibotchisining bu gapidan keyin Rossiya tomoni o‘zini oqlab chiqqan va bu uning shaxsiy fikri ekani, Kreml pozitsiyasini anglatmasligini bildirgandi.

Zaxar Prilepinga 2023 yil may oyida Nijniy Novgorod shahrida suiqasd uyushtirilgandi. O‘shanda uning boshqaruvidagi Audi avtomobilining kapoti ostiga joylashtirilgan portlovchi qurilma ishga tushgandi. Portlash oqibatida yozuvchining tansoqchisi halok bo‘lgan, o‘zi esa rulda bo‘lgani tufayli omon qolgan.

Rossiya tomoni suiqasdda Ukraina, AQSh, Buyuk Britaniya va NATOni ayblagan. Keyinchalik suiqasd uchun javobgarlikni «Atesh» partizanlik harakati o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid