O‘zbekiston | 08:47 / 05.07.2024
1811
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlardagi reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari bo‘yicha shtablar faoliyati rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan - Senat

Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan majlisda qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash tizimining tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi muassasalarida homiladorlarni kuzatish hamda tug‘ruq jarayonlarida mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan klinik bayonnoma va standartlarga to‘liq rioya qilinmaslik holatlari uchramoqda. Buning oqibatida ayrim hududlarda onalar o‘limi ko‘rsatkichi oshgan.

Foto: Senat axborot xizmati

Oliy Majlis Senati kengashi majlisida reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, respublikada onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida 17 mln nafardan ortiq ayollarga 22,3 mingta o‘ringa ega 230 ta tug‘ruq muassasasi va 18 yoshgacha bo‘lgan 11 mln nafar bolalarga 13,3 mingta o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasasi xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Joylardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tasdiqlangan tarmoq reja asosida 2024 yil 5 oyi davomida 9,2 mln nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarning 4,3 mln nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning 1,4 mln nafarida ekstragenital kasalliklar aniqlangan va 877,5 ming nafari ambulator hamda 102,2 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birga Senatning hududlarda o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarga ham e’tibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari bo‘yicha respublika shtabi va 14 ta hududiy shtab faoliyatini tashkil etish belgilangan. Biroq shtablar faoliyati rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan bo‘lib, faqatgina hududlardan statistik ma’lumotlarni yig‘ish va yuqori turuvchi shtabga taqdim etish bilan band bo‘lib qolgan.

Sog‘liqni saqlash tizimining tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi muassasalarida homiladorlarni kuzatish hamda tug‘ruq jarayonlarida mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan klinik bayonnoma va standartlarga to‘liq rioya qilinmaganligi hamda ularning malakasi yetarli emasligi sababli o‘rganilgan hududlarning barchasida onalar o‘limi ko‘rsatkichi oshgan.

Homilador ayol to‘liq prenatal skriningdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2023 yilda hisobga olingan jami homilador ayollarning bor-yo‘g‘i 46,9 foizi I trimestrda (homiladorlikning 11-13,6 haftasi) prenatal skriningdan o‘tkazilgan. Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 31,4 foizni, Qashqadaryo viloyatida 37,7 foizni tashkil qilgan.

Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tug‘ruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari belgilangan. Biroq tashkil etilgan ayrim tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilmagan hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan.

Muhokama jarayonida tug‘ruq muassasalarida onalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish, tug‘ruq yoshidagi ayollar tibbiy ko‘rigini sifatli tashkil etish, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish yuzasidan qat’iy choralar belgilangan. Majlis yakunida Senat kengashining qarori qabul qilingan.

Mavzuga oid