O‘zbekiston | 19:06 / 06.07.2024
27541
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasi to‘lovi bilan bog‘liq hisob-kitob qanday ishlashi tushuntirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilar belgilangan ijtimoiy norma doirasida ishlatgan elektr energiyasining muayyan qismi 900 so‘mdan hisob-kitob qilinayotgani haqida e’tirozlar paydo bo‘ldi. “Hududiy elektr tarmoqlari”ning izohlashicha, bu – oyning oxirgi kuni yangi oyga qo‘shib hisoblanishi bilan bog‘liq.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilar tomonidan hisob-kitob davrida amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori va to‘loviga oid savollar paydo bo‘lgan.

Xususan, bloger Shuhrat Qurbonovning yozishicha, uning holatida ijtimoiy normaga yetmagan miqdorda – 198 kWh elektr iste’mol qilingan bo‘lsa-da, tizim shundan 158 kWh ini 450 so‘mdan, 40 kWh ni esa normadan yuqori tarif – 900 so‘mdan hisobdan hisoblagan.

Bunga o‘xshash holatlar haqida boshqa iste’molchilar ham xabar bergan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasining izohlashicha, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) iste’molchilarga o‘rnatilgan hisoblagichlar orqali kun yakuni bilan, ya’ni soat 00:00 da iste’mol qilingan ko‘rsatkichlarni tizimga yuboradi, o‘z navbatida, billing tizimi hisoblagich ko‘rsatkichlarini sutka davomida iste’molchilarning hisobraqamiga yozib olib, hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

HET buni tushuntirish uchun quyidagicha misolni keltirgan.

“Iste’molchida 01.06.2024 yil sanasiga hisoblagich ko‘rsatkichi 12 440 kWh va 30.06.2024 sanasiga 12 750 kWh. Ushbu holatda 12 750 – 12 440 = 310 kWh = 200 * 450 + 110 * 900 = 189 000 so‘m.

Mazkur holatda ko‘rsatkichlar orasidagi kunlar soni 29 sutkaga teng. Bunda oyning oxirgi kuni – 30 iyun sutkasidagi iste’mol kunining yakuni, ya’ni 01.07.2024 yil soat 00:00 sanasida yozib olinadi.

Yangi oy boshlangani sababli o‘tgan oyning oxirgi kunidagi bir kunlik iste’mol yangi oyga qo‘shiladi va o‘tgan oyda iste’mol 200 kWh dan oshgani sababli keyingi 900 so‘mlik narxdan hisoblab ko‘rsatiladi.

Shunda iyul oyi uchun amalga oshirilgan hisob-kitoblar quyidagicha aks ettiriladi:

05.07.2024 y sanasida iste’molchi 40 kWh iste’mol qilgan bo‘lsa va 30.06.2024 yil sanadagi bir kunlik iste’mol 10 kWh bo‘lganda, 10 * 900 + 40 * 450 = 27 000 so‘m”, deya tushuntirgan kompaniya matbuot xizmati.

HET iste’molchilarga mazkur tizimda barcha funksiyalar raqamlashtirilgani va inson omili ishtirok etmasligini eslatgan, hisoblagichlardagi har bir ko‘rsatkichlar aniqlik bilan hisob-kitob qilinishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi elektr energiyasi ortiqcha hisoblanayotgan holatlarni o‘rganishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid