O‘zbekiston | 17:00 / 06.07.2024
2837
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi xalqaro kredit reytingini oldi

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati o‘z tarixida birinchi marta “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan kredit reytingini oldi. Kompaniyaga O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga muvofiq “Barqaror” prognozi bilan “BB-” uzoq muddatli kredit reytingi berildi.

Foto: “NKMK” AJ matbuot xizmati

“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi reytingni baholash doirasida bir vaqtning o‘zida kompaniyaning kreditga layoqatlilik xususiyatlarini (SACP) “bb+”darajasida baholadi, bu bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi korxonalari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi reliziga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida joylashgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 2023 yil yakuniga ko‘ra 2,9 million unsiya oltin ishlab chiqargan va jahonda to‘rtinchi o‘rinda turuvchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Kompaniya ishlab chiqarish tannarxining arzonligi va boy resurs bazasi, shuningdek, qarz yukining konservativ ko‘rsatkichlari: aylanma kapitalda o‘zgarishgacha operatsion faoliyatdan pul oqimi (FFO) qarzga nisbatan ko‘rsatkichining 60 foizdan barqaror oshishi bilan ajralib turadi.

2023 yil yakuni bo‘yicha “NKMK” AJda oltinning bir unsiyasi uchun ishlab chiqarishning umumiy xarajati (TCC) 745 AQSh dollarini tashkil etdi va reyting agentligi baholagan kompaniyalar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biridir. “S&P Global Ratings” reyting agentligi relizida oltin narxining qulay kon’yunktura sharoitida “NKMK” AJ tomonidan kelgusi yillarda yuqori operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishishi ta’kidlandi.

Bosh direktorning transformatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ye.A. Antonov “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi relizini quyidagicha sharhladi: “Kompaniyaning birinchi xalqaro kredit reytingini olishi respublikadagi eng yirik korxona rivojlanishidagi muhim bosqich bo‘lib, xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi, korxonaning xalqaro e’tirofini oshiradi hamda butun mamlakatimizda, jumladan, Kompaniyada islohotlar va transformatsiya jarayonlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Kompaniyaning O‘zbekiston Respublikasi korxonalari orasida birinchi bo‘lib “S&P Global Ratings”  agentligi tomonidan “bb+”darajasidagi kreditga layoqatlilik bahosini (SACP) olishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu xalqaro moliya bozori ishtirokchilarining Kompaniyaning barqaror moliyaviy strategiyasi hamda ishlab chiqarish va investitsiya faoliyatini yanada rivojlantirish rejalariga yuksak ishonchini tasdiqlaydi”.

Bosh direktorning iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari J.T.Xasanov: “Reytingni olish kompaniyaning moliyaviy barqarorlik, mustaqillik va shaffoflik tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kredit reytingini olish jarayonida Citi bank eksklyuziv maslahatchi sifatida ishtirok etdi. Ushbu yutuq biz uchun yangi marralarni ochadi, Kompaniyaning xalqaro kapital bozorlariga chiqishiga, yanada barqaror o‘sishni ta’minlash va investitsiya jozibadorligini oshirish uchun qulay shartlarda investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi”, - deya ta’kidladi.

“S&P Global Ratings” relizi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

“NKMK” AJ matbuot xizmati

Mavzuga oid