Jamiyat | 16:23 / 07.07.2024
32123
4 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: “Moskvich” boshqarib ro‘zg‘or tebratayotgan sahobalik ayol

O‘g‘iloy Ishqulova Samarqand viloyati Nurobod tumani Sahoba qishlog‘idan. Turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin u farzandlarini boqish uchun “Moskvich” sotib oldi. “Temir ayol” mashinasida qo‘y, pichan tashiydi. Uyga qaytishda qizlariga bir quchoq yegulik olib keladi.

Qahramonimiz hayoti, kunlik ish faoliyati haqida so‘zlab berdi:

“Turmush o‘rtog‘im maktabda o‘t yoquvchi bo‘lib ishlar, cho‘ponlik ham qilardi. U kishi jigar sirrozi bilan og‘rib vafot etgach, farzandlarni boqish mas’uliyati yelkamga tushdi. Kasal paytida ham ko‘tarib yurardim u kishini, qo‘limdan kelgancha davolatdim, lekin Hindistonga olib borolmadim, imkoniyat bo‘lmadi, pul topganimda balki hozir ham yashayotgan bo‘larmidi?!..

O‘g‘iloy Ishqulova

Er-xotin qo‘sh xo‘kiz deyishadi. Turmush o‘rtog‘imdan keyin men yolg‘izlanib qolgandim. Taqdir azal bergan sinovdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotda kuchli ayol bo‘lishga qaror qildim. Mashina minishni o‘rgandim. Endilikda texnika boshqarish hayotimning bir qismiga aylangan.

Qishlog‘imizda mendan boshqa mashina minadigan ayollar yo‘q, o‘rganib qolishgan. Begona odamlar “Moskvich” boshqarayotganimni ko‘rib ortimdan hayron bo‘lib qarab qolishadi.

Yoshim 33 da. Yaratgan menga shu yetti qizni voyaga yetkazishni sinov qilib berdi. Shu qizlarim uchun yashayman faqat, ularning o‘ynab-kulib yurganini ko‘rib quvonaman. Bo‘ynimdan quchib ayajon deganda yengil tortaman. Farzandlarimning boriga shukr. Bolalarimga imkon bo‘lganda bir kilo-yarim kilo go‘sht olib kelaman, ba’zida bir oyda bir, ba’zida o‘n kunda bir.

Mashinada yuk tashib, kechqurun bolalarimga nimadir olib kelishga harakat qilaman. Xudoga shukr qilaman, shuncha qizim bor ekan, xafa bo‘lishga haqqim yo‘q.

Ertalab soat to‘rtda turib, sigir sog‘aman, mollarga qarayman, bolalarga nonushta tayyorlayman. 43-maktabda farroshlik ham qilaman. Keyin chiqib mashinada bozorga yo biror joyga qo‘y-qo‘zi, mollarimiz uchun o‘t, karrak tikan tashiymiz.

Karrak tikanni quritib, ezib olamiz traktor bilan. Yashash sharoitimdan nolimayman. Bergan rizqiga shukr qilaman.

Mashina minishni o‘rganish oson bo‘lmagan. Yo‘l chetiga chiqib ketib, chuqurlarga tushib ketib, qiziq bo‘lgan birinchi haydashim. Motosikl minib ham yo‘l-transport hodisasiga uchraganman, lekin texnikaga qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun minishda davom etganman.

Mashina buzilib qolsa ham tuzata olaman, buni ham o‘rganib olganman. Uyimiz yonida mol bozori bor. O‘sha yerdan odamlarning qo‘yini mashinaga ortib yetkazib beraman uyiga. Yaqinroq bo‘lsa, 40 ming, uzoqroq bo‘lsa 50-60 ming so‘m berishadi.

Rizqimizni terib yuribmiz. Bundan tashqari yantoq bosib kelamiz. Shu mashina bilan qilyapmiz tirikchilikni. Farzandlarimni eson-omon katta qilib, ular uyli-joyli bo‘lib, baxtli bo‘lib ketsa, mening orzum shu.

Isiriqdan ko‘p foydalanamiz, «hazarismat» deyiladi bizda. Shu adirdan isiriq terib ham sotamiz. Bog‘ini 5 ming so‘mdan, kichikroq bog‘ bo‘lsa, 2-3 mingdan sotamiz.

Ishga chiqib ketsam ham bir xayolim uyda, farzandlarimda bo‘ladi, ularni sog‘inaman. Katta qizim 14 yoshda, shunga ishonib tashlab ketaman ro‘zg‘orni».

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz,
Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid