Jahon | 21:39 / 09.07.2024
7429
3 daqiqa o‘qiladi

Orbanning taktikasi o‘ziga qarshi ishlashi mumkin - Politico

Vengriya Yevropa Kengashida raislikni qo‘lga kiritgach, mamlakat bosh vaziri Viktor Orban jo‘shqin tashqi siyosiy faoliyat bilan shug‘ullana boshladi. U urushni tugatish niyatida ekanini aytib, Kiyev, Moskva va Pekinga bordi. Uning shubhali sa’y-harakatlari Yevropa Kengashida ma’qul ko‘rilmayapti.

Viktor Orban. Foto: BBC

Politico nashri maqolasida shular haqida gap boradi.

«Yevropa yetakchilari Orbanning o‘ta faolligidan ensalari qotmoqda. Yevrokomissiya rahbari va Yevropa Kengashi raisi Ursula fon der Lyayyen va Sharl Mishel o‘z xatti-harakatlari bilan Bryusselda janjal keltirib chiqarayotgan Vengriya yetakchisini tanqid ostiga olishdi», — deyiladi maqolada.

Yevropani ayniqsa Orbanning ikki yarim yildan buyon Ukrainaga qarshi qonli urush olib borayotgan va to‘xtash bilmayotgan Vladimir Putin huzuriga tashrifi g‘azablantirgan.

Yevropa Kengashidagi manbalar Orbanning xatti-harakatlari Vengriyaning raisligini «chippakka chiqargan». Kengashga a’zo davlatlar undan nihoyatda g‘azablangan.

«Bunday uchrashuvlar bilan raislik boshlanmasdan turib tugaydi», — degan Politico’ga manbalardan biri.

Nashrning qayd etishicha, Orbanning faolligi uning partiyasi o‘tgan parlament saylovlarida tanazzulga yuz tutgani bilan tushuntirilishi mumkin. Vengriya bosh vaziri amal kursisida qolish uchun yangi ittifoqchilarga tayanib, o‘z pozitsiyalarini kuchaytirishga urinmoqda.

«Orbanning taktikasi o‘ziga qarshi ishlashi mumkin. Yevropa Ittifoqi elchilari uning yaqindagi safarlarini 10 iyul kuni muhokama qilishmoqchi. Bu esa Yevropa kengashining rasmiylari og‘zaki muhokamalardan Budapeshtning raisligini cheklash bo‘yicha muayyan harakatlar boshlayotganini bildiradi», — deyiladi maqolada.

Vengriyani raislikdan mahrum qilish uchun sabab mojaroli safarlar chog‘ida Orban o‘z mamlakati nomidan emas, Yevropa Ittifoqi nomidan harakat qilgan. Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘zlarini oqlashga, Vengriya bosh vazirining xatti-harakatlari va gaplariga aloqalari yo‘qligini ta’kidlashga majbur bo‘lishgan.

Vengriyaga nisbatan yoqtirmaslik kayfiyati, jumladan Orban Ukrainaga moliyaviy yordamlarni bloklashda davom etayotgani tufayli oshib bormoqda.

Yevropa Ittifoqida Vengriyani raislikdan mahrum etish mexanizmlari bor. YeI yetakchilari bunga qo‘l urishadimi yoki Orbanga so‘nggi ogohlantirish berishadimi, bunisi hozircha noma’lum. Budapeshtdan statusni olib qo‘yish uchun Yevropa kengashidagi ovozlarning 4/5 qismi yetarli.

«O‘z navbatida, Orban Bryusselning bosiqlikka chorlovlariga quloq solishga tayyor ekanligi borasida biror ishora berayotgani yo‘q», — deb yozadi Politico. 

Mavzuga oid