O‘zbekiston | 11:31 / 10.07.2024
1680
2 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Uchrashuvda mehnat sohasida gender tafovutini kamaytirish va kamsitishga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini ta’minlash, ular uchun qulay va munosib sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingan. 

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jilber Ungbo Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston bilan samarali hamkorligini yuqori baholagan hamda mamlakatni tashkilotning Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylangani bilan tabriklagan. 

Uchrashuvda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari dunyoning ko‘p davlatlari uchun namuna bo‘lishi ta’kidlangan.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 112-sessiyasida belgilangan vazifalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda 2026–2030 yillar uchun Munosib mehnat dasturi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashilgan.

Suhbat yakunida mehnat sohasida gender tafovutini kamaytirish va kamsitishga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini ta’minlash, ular uchun qulay va munosib sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingan.

Mavzuga oid