Jahon | 23:01 / 20.08.2024
3451
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda Mao Tszedunning kotibga tegishli kundaliklar bo‘yicha sud ishi boshlandi

Kundaliklar kommunistik Xitoy asoschisining kotibi, mahrum Li Ruiga tegishli bo‘lgan. U hujjatlarni Stendord universitetiga qoldirib ketgan bo‘lib, unda Xitoy Kommunistik partiyasining boshqaruv usuli haqida so‘z boradi.

Foto: Getty Images

Kaliforniyada Stenford universitetining xitoylik yuqori martabali amaldorga tegishli kundaliklarni saqlay olish-olmaslik masalasiga bag‘ishlangan sud jarayoni boshlandi. Ish Xitoy hukumatining senzuraga qarshi kurashi sifatida baholanmoqda.

Kundaliklar kommunistik Xitoy asoschisi Mao Tszedunning kotibi, mahrum Li Ruiga tegishli bo‘lgan. Li 2019 yilda vafot etganidan keyin uning bevasi hujjatlar endi o‘ziga tegishli ekanini ta’kidlagan holda Pekinga qaytarishni so‘rab, sudga murojaat qilgan.

Stenford ushbu da’voni rad etmoqda. Unda aytilishicha, Xitoy hukumatining tanqidchisi bo‘lgan Li o‘z kundaliklari Kommunistik partiya tomonidan yo‘q qilinishi mumkinligidan xavotirlanib, ularni universitetga topshirgan.

1935 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida yozilgan kundaliklar Xitoy Kommunistik partiyasi boshqaruvining asosiy qismini o‘z ichiga oladi. O‘tgan sakson yil davomida Xitoy qashshoqlik izolyatsiyasidan chiqib, jahon iqtisodining ajralmas qismiga aylandi.

«Agar kundaliklar Xitoyga qaytarilsa, ular taqiqlanadi… Xitoy partiya yetakchilarining tanqid qilinishiga ruxsat berish borasida yaxshi reputatsiyaga ega emas», — deydi Stenford advokatlaridan biri Mark Litvak.

O‘zining islohotchi qarashlari bilan tanilgan Li Xitoyda taniqli davlat arbobi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida partiya uni hurmat qilar va uni o‘ziga yaqinlashtirmaslikka harakat intilar edi.

Yosh kadr sifatida u Maoning e’tiboriga tushib qoladi va 1950 yillar o‘rtalarida Xitoy yetakchisining shaxsiy kotibiga aylanadi. Ammo bu lavozim uzoq vaqt saqlanib qolmaydi.

Li siyosiy yig‘inda Maoning qarashlarini tanqid qilgach, u partiyada a’zoligidan o‘chiriladi va hibsga olinadi. U yuzlab partiya amaldorlari va jamoat arboblari qatorida e’tibordan chetlatiladi. Li boshqalar kabi 1976 yilda, Maoning vafotidan keyin yana siyosatga qaytadi. U Gidroelektroenergiya vazirligi va partiyaning amaldorlarni muhim lavozimlarga tayinlaydigan bo‘limiga rahbarlik qiladi.

Nafaqaga chiqqanidan keyin ham Li partiyada islohotlar o‘tkazishni davom ettiradi. Ammo uning achchiq haqiqatlari, jumladan, Si Tszinpinni qilgan tanqidlari hukumatga yoqmaydi. Uning mehnatlari senzuraga uchrab, kitoblari Xitoyda taqiqlab qo‘yiladi.

Shunga qaramay, u partiya oqsoqoli sifatida hurmat va imtiyozlarga ega edi. Li vafot etganida u hurmat-e’tibor bilan dafn etiladi. Marhum hokimiyatda bo‘lgan vaqtidagi faoliyatini batafsil kundaliklariga yozib borgan.

Xususan, uning qaydlarida Tyananmen maydonidagi qirg‘in haqida ham so‘z boradi — bu Xitoyda deyarli muhokama qilinmaydigan qaltis mavzu.

Uning qizi Li Nanyan 2014 yilda otasining hujjatlari, jumladan, kundaliklarini Stenford universitetiga topshirishni boshlaydi. 2019 yilda uning o‘limidan keyin BBC Chinese’ga bergan intervyusida Nanyan otasining vasiyatini bajarganini aytgan. O‘sha yilning o‘zida Li Ruining rafiqasi Chjan o‘gay qizi Nanyanga qarshi sudga da’vo kiritadi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Chjan Li Ruining ikkinchi xotini. Bevaning aytishicha, kundaliklarda uning Li bilan «o‘ta shaxsiy munosabatlari» haqida so‘z boradi. Kundaliklar Stenfordda jamoatchilik e’tibori uchun ochiq bo‘lgani bois, ayol ularning namoyish etilishidan «hissiy iztirob» chekayotganini bildirgan.

Pekin sudi Chjan foydasiga qaror qabul qilib, kundaliklar unga topshirishi bo‘yicha hukm chiqargan. Stenford ushbu qarorni rad etdi. Universitet yuristlarning ta’kidlashicha, Xitoy sudlari siyosiy masalalarda xolis emas va universitetga o‘zini himoya qilish imkoniyati berilmagan.