Gurjiston va Moldova saylovlari: Yevropa orzusi orzuligicha qoldimi?
Gurjiston va Moldovada bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bugun keng muhokamalar markazida, hattoki Gurjiston prokuraturasi mamlakat prezidentini so‘roqqa chaqirgan. Mamlakat liderlari o‘z tarafdorlarini namoyishlarga chorlamoqda.
Kun.uz «Geosiyosat»da mazkur mavzu atrofidagi mavzularni muhokama qilish uchun tahlilchilar Hakimjon Jamaldinov va Jahongir Akramovni taklif etdi.
Hakimjon Jamaldinov: Gurjistonda bo‘layotgan voqealar deyarli har ikki-uch yilda jahon hamjamiyatining e’tibor markazida. Gurjistonda «Chet el agentlari» qonunlari qabul qilinishi ushbu jarayonlarni yanada kuchaytirdi. Bir necha yillar avval dunyo hamjamiyati yirik davlatlardagi siyosiy jarayonlarni kuzatardi. Hozirgi kundagi kuchlar nisbatining o‘zgarishi natijasida buni ko‘p qutblilikka o‘tish jarayoni sifatida baholaymiz.
Jahongir Akramov: Sovet ittifoqi parchalangandan keyin bu ikki davlatning hududiy yaxlitligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Bulardagi eng asosiy masala bu hududiy yaxlit tiklanmaganligi. Masalan, Moldovada: Dnestrbo‘yi, Gagauziya muammosi. Gurjistonda esa tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya. Ikkita mamlakatning o‘ziga xos o‘xshash tomonlari bor. Ikkalasi ham Rossiya bilan bog‘liq.
Saylov jarayonlariga to‘xtalsak, 20 oktyabrda Moldova Respublikasida prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birgalikda, Yevropaga integratsiya bo‘yicha konstitutsiyaviy o‘zgartirish kiritishga oid referendum o‘tkazildi va o‘ziga xos natija berdi. To‘g‘ri, endi birinchi turda saylovlarda prezidentlik saylovlarida Mayya Sandu to‘liq ovoz olmasligi ehtimoli katta edi va shunday ham bo‘ldi. Ya’ni 42 foiz bilan birinchi o‘rinni oldi, ikkinchi o‘rinni esa 25 foizdan oshiq darajada Sotsialistik partiyaning nomzodi Aleksandr Stoyanoglu, sobiq bosh prokuror egalladi.
Yevro integratsiyasi uchun o‘tkazilgan referendum kutilmagan natija berdi. Hattoki Rossiyaga g‘oyaviy yaqin deyiladigan Stoyannoglu ham yevrointegratsiya tarafdori ekanligini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan edi. Lekin qiziq tomoni, referendum natijalariga ko‘ra, 50 foizdan sal oshiq ovoz bilan yevrointegratsiya tarafdorlari g‘alaba qozondi. Shu o‘rinda Moldovadagi referendum natijasini deyarli «mag‘lubiyatga teng g‘alaba», deyish mumkin. Yevropa ittifoqini hushyorlikka torttiradi. Rasman tabriklangan bo‘lsa ham, bu g‘alaba Moldovaning Yevropa Ittifoqiga kirish integratsiyasini kamida o‘n yilga kechiktiradi, degan fikrdaman. Chunki Yevropa Ittifoqi avvalo ixtiyorlikka asoslanadi va hech qachon integratsiyaga kuch bilan majburlashni maqsad qilmaydi.
Moldova parlamentar respublika. Kelgusi yili mamlakatda parlament saylovlari ham bo‘lib o‘tadi va unda Sanduning partiyasi g‘alaba qozonishi qiyin bo‘ladi. Saylovdagi asosiy omillardan biri — Ilan Shor. U taxminan 130 ming odamga, asosan nafaqa yoshidagilarga uning foydasi uchun saylovlarda ovoz berishi uchun 100 dollar atrofida pul tarqatib kelayotganligi haqida xabarlar mavjud.
Gurjistondagi parlament saylovlarida 2012 yildan buyon hokimiyat tepasida bo‘lib turgan «Gurjiston orzusi» partiyasi to‘rtinchi marta saylovlarda g‘alaba qozondi. Bu Gurjiston jamiyatida hokimiyat tepasida qolish bo‘yicha rekord hisoblanadi. Buni Gurjistonning amaldagi rahbari, ayni paytda soyadan turib boshqarayotgan oligarx Bidzina Ivanishivilining g‘alabasi deb hisoblashimiz mumkin. Uning partiyasi 54 foiz ovoz to‘pladi, muxolifat partiyalari jami 46 foiz ovoz oldi.
Gurjistonning 150 deputatdan iborat bir palatali parlamentidan «Gurjiston orzusi» 89 ta o‘rin egalladi, 61 o‘rinni muxolifat egalladi. Bu holat juda katta savollarni keltirib chiqarmoqda. Ularning Rossiya bilan yaqinlashishi, hatto Gruziya hududiy yaxlitligini savol ostiga qo‘yib, tanqid ostiga olingan. Masalan, hukumat «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishi juda katta rezonans keltirgan edi. Ammo «Gurjiston orzusi» partiyasi hattoki muxolifat hisob-kitobi bo‘yicha kamida 45-46 foiz ovoz jamg‘argan. Bu esa ovozlar soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi gumonlarni keltirib chiqarmoqda.
Saylovlar «Gurjiston orzusi» partiya qanday taktikani qo‘llagani va muxolifat nega mag‘lubiyatga uchraganini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Eng asosiy jihat — muxolifatning birlasha olmagani bo‘ldi. Shuningdek, hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi Rossiya-Ukraina urushidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalana oldi.
Suhbatni to‘liq holda rasmiy sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
15:11
Islandiyadagi saylovlarda sotsial-demokratlar g‘alaba qozondi
11:17
Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarga qarshi suv purkagichlardan foydalanmoqda
10:42
Ruminiyada saylovlar: hukmron sotsial-demokratlar yetakchilik qilmoqda
18:41 / 01.12.2024