Xitoy Pentagondan 10 baravar katta qo‘mondonlik markazi qurmoqda
U yerda yadroviy urush bo‘lgan taqdirda yashirinish uchun bunkerlar ham bo‘ladi.
Xitoy hukumati Pekin yaqinida yirik harbiy majmua barpo etmoqda, Amerika razvedkasiga ko‘ra, undan urush davrida qo‘mondonlik markazi sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu haqda 30 yanvar kuni Britaniyadagi Financial Times gazetasi amerikalik hozirgi va sobiq rasmiylarga asoslanib xabar tarqatdi.
Nashr sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qilgan, ularda Pekindan 30 kilometr janubi-g‘arbda, 1500 akr maydonda (olti kilometr kvadratdan ko‘proq) qurilish ishlari olib borilayotgani ko‘rsatilgan. Tasvirlarda chuqurliklarni ko‘rish mumkin, FT bunday joylarda mustahkamlangan bombapanagohlar — qo‘mondonlik uchun bunkerlar bo‘lishini taxmin qilgan.
Xitoylik tadqiqotchilardan birining fikricha, bu qurilish — «maxfiy harbiy obekt» ekanining «barcha belgilari» mavjud. Uning aytishicha, ancha chuqurlikda tunnellar qurilishi uchun ishlatiladigan temir betonlar borligi ham shunga ishora qilmoqda. Obekt hajmi — Pentagonnikidan 10 baravar ko‘proq — «bu Si Jinpingning AQShdan o‘zib ketish ambitsiyalariga mos keladi».
«Bu qal’a faqat bir maqsadga xizmat qiladi — Xitoyning yanada rivojlanayotgan va kuchayib borayotgan qurolli kuchlarining qiyomat kuni bunkeri bo‘lishga», — degan tadqiqotchi.
Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar tahlili ko‘rsatishicha, harbiy kompleks qurilishi ishlari 2024 yil o‘rtalarida boshlangan. Bu vaqtda xitoylik harbiylar boshqa loyihalar, jumladan, yangi qurollar yaratish ustida ham ish olib bormoqda. FT qayd etishicha, 2027 yilda Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilganining yuz yilligi nishonlanadi. Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, XXR raisi Si Jinping xitoylik harbiylarga bu sanagacha «Tayvanga hujum qilish salohiyatini o‘stirish» bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
FT ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy internetida qurilish haqida hech qanday ma’lumot uchramaydi. Shu bilan birga, qurilish maydoni qattiq qo‘riqlanmoqda: obektni suratga olish, uning ustidan dronlar uchirish taqiqlangan. Qo‘riqchilar, shuningdek, qurilish maydoni rahbarlaridan biri ham bu yerda aynan qanday inshoot qurilayotgani borasidagi savolga javob berishni istamagan. Mahalliy tadbirkorlardan biri qurilish hududini «harbiy zona» sifatida ta’riflagan.
Amerika razvedkasining yuqori martabali mulozimlaridan biriga ko‘ra, Xitoy xalq-ozodlik armiyasining Pekindagi hozirgi shtab-kvartirasi nisbatan yangi, ammo shu bilan birgalikda, u urush davrida xavfsiz qo‘mondonlik markazi bo‘lishi uchun loyihalashtirilmagan. Hozirda qo‘mondonlik markazi Pekin shimoli-g‘arbidagi Sishan tog‘ida joylashgan. Yangi kompleks hajmi, ko‘lami va chuqurligi esa aynan u armiyaning hozirgi shtab-kvartirasi o‘rniga qurilayotganini ko‘rsatadi.
«Agar ma’lumot tasdiqlansa, harbiy rahbarlar, jumladan, Markaziy harbiy kengash raisi Si Jinping uchun yangi zamonaviy yer osti qo‘mondonlik bunkeri Pekin nafaqat jahon darajasidagi qurolli kuchlarni, balki ilg‘or yadroviy jangovar salohiyatni ham yaratmoqchiligidan dalolat beradi», — deydi MRBning Xitoy bo‘yicha tahlil bo‘limi sobiq boshlig‘i Dennis Uaylder.
Financial Times agentligining Tayvan mudofaa vazirligiga yaqin ikki manbasi ham Xitoy armiyasi yangi qo‘mondonlik markazi qurmoqda deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ayrim ekspertlar bu hudud bunkerlar qurilishi uchun mosligiga shubha bildirgan.
XXRning Vashingtondagi elchixonasi «tafsilotlardan xabardor emasligi»ni bildirib, Xitoy «tinch rivojlanish yo‘li va mudofaa xarakteridagi harbiy siyosat» tarafdori ekanini qayd etgan.
Mavzuga oid

18:01 / 13.02.2025
O‘zbekiston qishki Osiyo o‘yinlari tarixida ikkinchi yaxshi natijasini ko‘rsatdi

16:35 / 13.02.2025
Tramp va Mask demontaji: USAID o‘rnini Xitoy egallamoqda

18:48 / 12.02.2025
O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi

21:13 / 11.02.2025