Falastin davlatiga qarshi Netanyahu, Toretskni egallagan Rossiya va energetik mustaqillikka erishgan Boltiqbo‘yi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Netanyahu: Falastin uchun joyni Saudiya bersin
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tel-Aviv hech qaysi davlat bilan aloqalarni normallashtirish jarayonida Falastin davlatini tashkil etish talabi asosida kelishuvga erishmasligini ta’kidladi.
Isroilning Channel 14 telekanaliga bergan intervyusida u Saudiya Arabistonining Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash shartlaridan biri Falastin davlatini tuzish ekanligi haqidagi bayonotiga javob qaytardi.
«Agar ular Falastin davlatini tuzishni xohlasa, uni Saudiya Arabistonida barpo etsin. Ularda katta kimsasiz hududlar bor», — dedi Netanyahu.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam «HAMAS g‘alabasi va Isroil mag‘lubiyati»ni anglatadi va Tel-Aviv o‘z xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadigan hech qanday kelishuvni imzolamaydi.
Rossiya Toretskni egalladi
Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi Toretsk shahri ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qildi. Rossiya mudofaa vazirligi uni SSSR davridagi nom bilan — Dzerjinsk deb atadi.
Kiyev bu xabarni hozircha rasman tasdiqlagani yo‘q. Ukraina OSINT-loyihasi DeepState esa Toretskni xaritasida Rossiya qo‘shinlari tomonidan deyarli to‘liq ishg‘ol qilingan hudud sifatida belgiladi.
Shahar uchun jang yetti yarim oydan beri davom etardi. Agar Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumoti tasdiqlansa, 35 ming aholi yashagan bu shahar 2023 yil may oyida Baxmut egallanganidan so‘ng Rossiya qo‘shinlari qo‘liga o‘tgan eng yirik shahar bo‘ladi.
Baxmut uchun janglar butun urushdagi eng qonli to‘qnashuvlardan biri sifatida qayd etilgan. Turli baholarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari ushbu shaharni egallash uchun 32-45 ming askarini yo‘qotgan.
Ukraina Kurskda ilgarilamoqda
Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk oblastidagi hujumni davom ettirib, 5 km ichkariga kirdi va 79 kishi yashagan Kolmakov xutorini nazoratga oldi, deb xabar berdi Urushni o‘rganish instituti.
Geolokatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Maxnovka janubi-g‘arbi, Cherkasskaya Konopelka shimoli va sharqi bo‘ylab ilgarilamoqda. Shuningdek, Fanaseyevkaga kirgani aytilmoqda, lekin shahar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgani hali noma’lum.
Rossiya harbiy blogerlari Ukraina qo‘shinlarining taktik muvaffaqiyatini tan olib, Rossiya armiyasi katta miqdordagi texnika yo‘qotganini da’vo qilmoqda.
Kiyev operatsiyani ehtimolli tinchlik muzokaralarida pozitsiyasini mustahkamlash uchun muhim qadam deb hisoblamoqda.
Tramp: Rossiyaning yo‘qotishlari 800 mingdan oshdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari 800-900 ming kishiga yetganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu raqam janglarda halok bo‘lgan va tiklanmas og‘ir jarohat olgan harbiylarni o‘z ichiga oladi.
Tramp ushbu urushi «inson hayoti uchun fojiali» deb atab, uni tezroq tugatish istagini bildirdi. U Ukraina armiyasining umumiy yo‘qotishlari taxminan 700 ming nafar ekanini aytdi, biroq Kiyev rasmiylari bu raqamlar bilan kelishmaydi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 fevralda armiyasida 45,1 ming askar halok bo‘lganini, 390 ming kishi jarohatlanganini aytdi. UALosses loyihasi esa qurbonlarning umumiy soni 63,5 ming nafarga yetganini hisoblagan.
Oktabr 2024 yilda Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya yo‘qotishlarini 648 ming deb baholagan, Pentagon esa bu raqamni 615 mingga yaqin deb ko‘rsatgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa 2024 yilda rasmiy ravishda armiya yo‘qotishlarini 135 ming deb e’lon qilgan.
Xominaiy Tramp rejalarini masxara qildi
Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy Donald Trampning falastinliklarni G‘azodan boshqa arab davlatlariga ko‘chirish rejasini tanqid qildi. «Qog‘ozda ular dunyo xaritasini o‘zgartirmoqda, lekin bu reallikdan uzoq», — dedi u.
Xominaiy Tramp taklif etgan «katta bitim» g‘oyasini keskin rad etdi va AQSh bilan muzokaralar «na oqilona, na sharafli» ekanini ta’kidladi. U 2015 yildagi yadroviy kelishuv tajribasini eslatib, Trampning 2018 yilda AQShning bitimdan chiqishi va sanksiyalarni tiklashi Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini qayd etdi.
«Agar ular xavfsizligimizga tahdid solsa, biz ham ularning xavfsizligiga tahdid solamiz», — deb ogohlantirdi Xominaiy. Tramp Eron bilan «nazorat qilinadigan yadroviy kelishuv» ustida ishlash istagini bildirgan, ammo shu bilan birga, mamlakatga nisbatan qattiq bosim siyosatiga qaytishni rejalashtirmoqda.
AQSh sudi Trampning islohotlarini to‘xtatdi
Amerika sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan ommaviy beixtiyor ishdan bo‘shatish dasturini vaqtinchalik to‘xtatdi. Bu profsoyuzlar uchun muvaffaqiyat sanaladi, ammo sud qarori 10 fevralga qadar amal qiladi. Sudya Jorj O'Tul ushbu cheklovni uzaytirish yoki bekor qilish masalasini muhokama qiladi.
Tramp davlat apparatlarini keskin qisqartirishni rejalashtirmoqda va Ilon Mask rahbarligidagi «DOGE» departamenti orqali 2 mln xizmatchini ishdan bo‘shatishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, FQB va MRB kabi muhim tuzilmalardagi xodimlar ham qisqartirilmoqda.
Wall Street Journal xabariga ko‘ra, sud Ilona Maskning AQSh davlat xaznachiligiga kirishini taqiqladi. Bu uning davlat moliyaviy tizimiga ta’sir o‘tkazishining oldini olishga qaratilgan.
Boltiqbo‘yi Rossiyadan energetik mustaqillikka erishdi
Bugundan boshlab Litva, Latviya va Estoniya Rossiya energetik tizimidan batamom uzilib, mustaqil tarmoqka o‘tadi.
«Rossiya ortiq energetikadan shantaj sifatida foydalana olmaydi. Bu erkinlik va yevropacha birdamlik g‘alabasi», — deb yozdi Yevropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonasi rahbari Kaya Kallas.
2022 yilda Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya elektr energiyasini import qilishni to‘xtatgan edi. Ammo shu paytgacha ular texnik jihatdan Rossiya va Belarus tarmoqlari bilan bog‘liq holda qolgandi. Endi umumiy tizimdan to‘liq uzilish Moskvaga bog‘liqlikni tugatadi va Moskvadan batamom energetik mustaqillikni ta’minlaydi.
Qirg‘iziston yangi madhiya tanlamoqda
Qirg‘iziston madaniyat vazirligi davlat madhiyasining yangi matni va musiqasi uchun tanlov e’lon qildi.
Hukumat yangi madhiya milliy birlik, tarixiy meros va madaniy an’analarni yaxshiroq aks ettirishi kerak, deb hisoblamoqda.
Loyihalar vatanparvarlik, tantanalilik va adabiy me’yorlarga muvofiqlik bo‘yicha baholanadi. Tanlov g‘olibini Jog‘orku Kengesh deputatlari, yozuvchilar, bastakorlar va madaniy arboblardan iborat komissiya aniqlaydi. Agar munosib variant topilmasa, tanlov bekor qilinishi mumkin.
Madhiyani yangilash g‘oyasi 2024 yil oktyabrda parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek ug‘li tomonidan ilgari surilgandi. Prezident Sadir Japarov ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/prgD3dxRYL1u8-wiYp8QbvqyTvczsIc1_medium.jpg)
12:59 / 11.02.2025
Kelishuvni to‘xtatgan HAMAS, sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri va Gvatemaladagi fojiali avtohalokat - kun dayjesti
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/gUZrfQENWuH75yKALtjLPt_k6STuBG_Y_medium.jpg)
14:18 / 10.02.2025
Janiyndan ko‘chirilayotganlar, Saudiya shahzodasining Trampga murojaati, AQShni shantajda ayblagan Xitoy - kun dayjesti
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/vFZnPAlMsbsxQ5e5KQHch5EYIxm4RSZe_medium.jpg)
13:47 / 07.02.2025
G‘arbiy sohildagi hibslar, Ukrainaning Kurskdagi yangi hujumi va Viktor Orbanning qimmatbaho qasri - kun dayjesti
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/DXKghjwe16yMzURiTWxHte9aIJnHUYGN_medium.jpg)
14:15 / 06.02.2025