Jahon | 23:49 / 17.02.2025
5875
7 daqiqa o‘qiladi

Vensning nutqi: Amerika Yevropadan yuz o‘girdimi?

Shu kunlarda YouTube-kanallarda, mashinada ketayotib radioni yoqqaningizda yoki televizorda futbol kanalini qidirayotib, yangiliklar dasturiga tushib qolganingizda Myunxen konferensiyasi degan so‘zga tez-tez duch kelayotgan bo‘lsangiz kerak. Odatda yangiliklarda bu konferensiya haqida nomigagina xabar berib ketishadi. Lekin ishoning, bu juda jiddiy siyosiy mashvarat.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kinolarda massonlar har xil qoyatoshlar ichidagi maxfiy qal’alarda yig‘ilib, dunyo tartibotidagi o‘zgarishlarni belgilab berganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Myunxen konferensiyasida ham shunaqa bo‘ladi demoqchi emasman, lekin bu yig‘ilishlarda dunyo siyosatini yaqin kelajakda nimalar kutayotganiga ishora qiladigan bayonotlar beriladi.

YouTube-kanalimizda yuklangan navbatdagi videomizni oxirigacha tomosha qilsangiz, Myunxen konferensiyasi nimasi bilan ahamiyatli ekani, bu yilgi konferensiyada qanday jiddiy masalalar muhokama qilinganini bilib olasiz. Iltimos, videoga like bosing, ko‘rib bo‘lgach, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu orqali kanalimiz rivojlanishiga yordam bergan bo‘lasiz.

Putinning tarixiy chiqishi

Avvalo Myunxen konferensiyasi dunyo siyosati uchun qanchalik ahamiyatli ekaniga to‘xtalsak. Bu uchun konferensiya yaratilish tarixi-yu, unga asos solganlar haqida uzundan uzun va’z o‘qish shart emas, konferensiya tarixidagi eng mashhur nutqni misol qilsak kifoya.

Demak, 2007 yil 10 fevral. Myunxendagi konferensiya minbariga Rossiya ikkinchi prezidenti, o‘sha vaqtdagi mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra oxirgi muddatida ishlayotgan Vladimir Putin taklif qilinadi. «Umid qilaman, mening nutqim vaqtida ana u qizil tugmani bosib, mikrofonni o‘chirib qo‘yishmaydi», deb boshlaydi nutqini Putin. Keyin Rossiya prezidenti shunday narsalarni gapiradiki, Angela Merkel boshchilik yevropaliklar og‘zini ochib qoladi. Putin ilk marta xalqaro minbarda turib aynan Myunxen konferensiyasida dunyo bir qutbli modeldan voz kechishi kerakligini tantanavor e’lon qiladi. Ya’ni yevropaliklarga hammang Amerika chizgan chiziqdan chiqmayapsan, deydi qog‘ozga o‘rab. Shuningdek, NATOning kengayishi insoniyatga faqat xavf olib kelishini aytadi.

Putin nutqi davomida hech bir davlatni ochiqchasiga falon ishni qilding, deb ayblamaydi, lekin uning so‘zlaridan keyin amerikalik siyosatchilar bir xulosaga kelishadi: sovuq urush tiklandi. Ko‘pchilik siyosatchilar Putinning o‘sha nutqi G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi dushmanlikning boshlanishi deb hisoblaydi. Putin gaplari yillar davomida o‘rganiladi, unga Myunxen nutqi deb nom ham berishadi. Va hozir dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar o‘sha nutqdan keyin kelingan xulosalar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.

Ha, o‘rtoqlar, ana shunaqa jiddiy gaplar aytiladigan minbar bu Myunxen konferensiyasi deganlari. Shu uchun unda nimalar deyilayotganiga jiddiy e’tibor bering.

Kutilmagan qahramon

Bu yilgi konferensiyaning asosiy mavzusi tabiiyki, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush bo‘ldi. Axir Tramp ham bejizga konferensiya boshlanishidan oldin Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilmadi. Myunxenda Zelenskiy nutq so‘zladi, Amerika mulozimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, Yevropa liderlari o‘z pozitsiyalarini bildirishdi. Lekin Olmoniya minbarlaridagi asosiy qahramon hech kim kutmagan odam bo‘ldi – AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens. Trampning nomidan gapirgan Vens bir so‘z bilan aytganda AQSh va Yevropa avvalgi harbiy-siyosiy hamkor emasligiga ishora qildi.

U nutqi davomida yevropalik siyosatchilarni tanqid qildi va hatto Yevropa demokratiyasiga shubha bildirdi. Bilasiz, Yevropa Ittifoqi davlatlari avvaliga arzon va tayyor ishchi kuchi bo‘lgani uchun, bundan tashqari, odamiylik jihatdan urush bo‘layotgan, qashshoq davlatlardan borayotgan migrantlarni qabul qiladi. Bu ittifoqning umumbelgilangan siyosati hisoblanadi. Vens Yevropaning bu siyosatini ham qoraladi.

AQSh vitse-prezidentining chiqishi Yevropa uchun xavotirli bo‘ldi. Shu sabab Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa yetakchilarini aynan shu nutqni muhokama qilish uchun yig‘ilishga chaqirdi.

Zelenskiy nimalar dedi?

Ukraina prezidenti Myunxen konferensiyasi doirasida AQSh vakillari bilan xususan, davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Vens bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tabiiyki, bu uchrashuvlar Bayden ma’muriyati vaqtida bo‘lgani kabi ikki ittifoqchi o‘rtasida o‘tgani yo‘q. Konferensiya tugashi bilan Rossiya va AQSh Saudiyada Ukrainadagi urush masalasini muhokama qilish uchun uchrashishi aniq bo‘lganining o‘zi Myunxendagi uchrashuvda Kiyev uchun yoqimli gaplar aytilmaganini bildiradi.

Zelenskiy Myunxendagi har bir chiqishida Ukrainadagi urushni tugatishni Rossiya va AQSh Kiyev ishtirokisiz muhokama qilolmasligi, ular muzokara o‘tkazgan taqdirda ham Kiyev buni tan olmasligini ko‘p marta takrorladi. Shuningdek, Zelenskiy har bir chiqishida muzokaralarda Yevropa vakillari bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Tramp ma’muriyati vakillarining chiqishida bir narsaga e’tibor berish mumkin: ular aynan nima masalada Yevropa bilan bir xil fikrda emasliklarini ochiq aytgani yo‘q. Xuddiki ularning gaplaridan asosiy maqsad faqat Yevropani urishish bo‘lgandek. Lekin Yevropa uchun bu konferensiya juda xavotirli bo‘ldi.

O‘zi Tramp kelgan vaqtdayoq bunday qo‘rquv bor edi, lekin Myunxendagi Jyey Di Vensning nutqidan keyin AQSh va Yevropa ittifoqchiligi katta shubha ostida qoldi. Bu Amerika uchun hech narsa emas, ular istalgan muammoni mustaqil hal qilib ketaveradi. Lekin Yevropa qo‘rqqanicha bor: axir qit’a eng sharqiy sarhadlaridagi Ukrainaga Rossiyaga qarshi urushda uch yildan buyon yordam berib keladi. Rossiya hozir iqtisodiy jihatdan holdan toygan bo‘lishi mumkin, lekin uch yil davomida armiyasini isloh qilib, jangovar tayyorgarligini oshirdi.

Ukraina frontidagi urush rus armiyasi chigalini yozib, endi avvalgidan yaxshiroq urusha oladigan holatga keltirdi. Yevropa va ana shu juda katta Rossiya o‘rtasida Ukraina bor. AQSh yordamisiz Yevropa davlatlarining Rossiyaga kuchi yetmasligini esa bu davlatning o‘zi ham yaxshi biladi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid