O‘zbekiston | 08:34 / 20.03.2025
6636
4 daqiqa o‘qiladi

“Korrupsiyaviy tuynuk”larni tag-tomiri bilan yo‘q qilish choralarini ko‘ramiz - bosh prokuror

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqdi.

Foto: Videodan kadr

Unga ko‘ra, endi barcha kuch va vositalar jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilinadi. 

Har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tibor kuchaytiriladi, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimi joriy qilinadi. 

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Jinoyatga jazo muqarrar”ligini ta’minlash, jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yanada kuchaytiriladi.

Tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.

Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, to‘liq, eng asosiysi, xolis va qonuniy o‘tkazilishini ta’minlashga, tergov xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Odamlarning tergov idoralarida sarson bo‘lishiga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha choralari ko‘riladi.

Ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini qo‘llashda adolatni ta’minlash, himoya huquqini mustahkamlash, advokatlar faoliyatiga to‘sqinliklarni bartaraf etish prokurorlarning alohida e’tiborida bo‘ladi.

Bundan buyon prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi bo‘g‘inigacha, umuman, barcha kuch va vositalar korrupsiyaga qarshi kurashishga to‘liq safarbar qilinadi.

Bu borada barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boriladi.

Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralari ko‘riladi.

Korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha boriladi, har bir sohaga chuqur kiriladi.

Soha va hududlardagi “korrupsiyaviy tuynuk”lar aniqlanib, ularni tag-tomiri bilan yo‘q qilish bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.

Bu borada tegishli vazirlik va idoralar bilan korrupsiyaviy omillarni birgalikda bartaraf qilish bo‘yicha yo‘l xaritalari va dasturlar ishlab chiqilmoqda, ularning ijrosi nazoratga olinadi.

Budjet mablag‘lari, jumladan subsidiya va boshqa ko‘rinishdagi davlat ko‘magining sarflanishi, davlat xaridlari, xizmat ko‘rsatish jarayonlari, umuman, aholi ko‘p duch keladigan sohalarda turli suiiste’molchilik va byurokratik to‘siqlarning oldini olish, qonuniylikni ta’minlash diqqat markazida bo‘ladi.

Mavzuga oid